O‘zbekistonlik operachi Aqlbek Piyazov «La Skala» teatri bilan shartnoma imzoladi

Italiyaning mashhur «La Skala» opera va balet teatri o‘zbekistonlik opera xonandasi Aqlbek Piyazov bilan 2025 – 2027-yillar davomida faoliyat yuritish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
«La Skala» har ikki yilda iste’dodli xonandalarni saralab, 2 yillik ish shartnomasi asosida jahon sahnasida faoliyat yuritish imkonini beradi. Piyazov ushbu tanlovda ishtirok etish uchun 6 yil davomida tayyorgarlik ko‘rganini aytib, bu muvaffaqiyatdan juda hayajonlanganini bildirdi.
Saralashda 800 nafar nomzod orasidan O‘zbekiston, Italiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Latviya, Qozog‘iston, Chili va Xitoy vakillari final bosqichiga yetib kelgan. Ular orasidan atigi 12 nafar operachi tanlab olindi, ulardan biri Aqlbek Piyazov.
Bu muvaffaqiyatni O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov quyidagicha sharhladi:
«Bu ayni paytda sportdagi Eldor Shomurodov yoki Abduqodir Husanov kabi jahon sahnasiga chiqqan san’at vakilimiz. Faqat bu safar bu madaniyatda yuz berdi. Endi o‘zbek operachilariga ham talab oshadi».
«La Skala» – Milandagi eng nufuzli opera teatrlardan biri bo‘lib, u yerda tarix davomida Verdi, Puccini, Pavarotti, Toskanini kabi afsonaviy san’atkorlar faoliyat yuritgan. Teatr 1778-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u dunyo opera san’atining markazlaridan biri hisoblanadi.
Aqlbek Piyazovning bu yutug‘i O‘zbekistonda opera san’atining xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini anglatadi. Madaniyat vazirligi ushbu tarixiy muvaffaqiyat bilan Aqlbek Piyazovni va boshqa ijodkorlarni samimiy muborakbod etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Munisa Rizayeva Jennifer Lopes bilan duet kuylashi mumkinligi haqida xabar bergan edi.