Tibbiyot muassasasiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Andijon viloyatining Paxtaobod va Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanlarida tibbiyot birlashmalariga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilib, fuqarolardan pul olgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Paxtaobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tibbiyot birlashmasining kadrlar bo‘limi xodimi fuqarodan ishga joylashtirish evaziga $500 olayotgan vaqtda ushlangan.
Yana bir holatda Jizzax shahrida fuqaro Do‘stlik tumani tibbiyot birlashmasiga ishga kiritishni va’da qilib, fuqarodan 21 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Har ikkala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq valyuta savdosi bilan bog‘liq bir necha jinoyatlar fosh etilgan edi.