O‘zbekistonda OAV foydalanuvchilari soni 33 millionga yaqinlashdi – prezident

Shavkat Mirziyoyev 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan matbuotida, teleradiokanallar, internet nashrlari, nashriyot va matbaa korxonalarida, axborot xizmatlari va platformalarida o‘z burchini sidqidildan ado etib kelayotgan siz, hurmatli jurnalistlar, muhtaram faxriylarni, barcha ijodiy va texnik xodimlarni bugungi kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman», – dedi davlat rahbari nutqida.
Shuningdek, davlat rahbari bugungi kunda respublikada 2 ming 400 ga yaqin ommaviy axborot vositalari faoliyat yuritayotganini keltirib o‘tdi. Ularning 65 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Xususiy nashrlar, teleradiokanallar, internet resurslari tobora ko‘payib bormoqda. Ulardan foydalanuvchilar soni esa 14,7 milliondan 32,7 millionga yetgan. Prezident bu ko‘rsatkich respublikada media sohasidagi salohiyatini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, 2030-yilgacha bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar, jumladan, nashr mahsulotlari foyda solig‘idan ozod qilindi. Ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilangani, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tartibi joriy etilgani muhim qadam bo‘lgani qo‘shimcha qilindi.
Shu bilan birga, onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani ham qayd etildi.
«Ommaviy axborot vositalari xodimlarining mashaqqatli mehnatini qadrlash, ijodiy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash bundan buyon ham Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi», – deyiladi tabrik nutqida.
Avvalroq «Kursiv» nashri Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy terma jamoasini g‘alaba bilan tabriklagani haqida yozgandi.