Xiaomi YU7 SUV 60 daqiqada 300 mingga yaqin buyurtma oldi

27-iyun 2025 14:10 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Xiaomi YU7 SUV 60 daqiqada 289 mingdan ortiq buyurtma oldi / Foto: CarNewsChina

Xiaomi tomonidan 26-iyun kuni Xiaomi YU7 elektromobili rasmiy taqdim etildi. Taqdimotdan so‘ng avtomobilga bo‘lgan talab juda yuqori bo‘ldi. Atigi bir soat ichida 289 mingdan ortiq odam avtomobilga oldindan buyurtma berdi.

Bu ko‘rsatkich Xiaomi’ning birinchi modeli SU7’ga nisbatan ancha yuqori natija bo‘ldi. YU7 uch xil to‘plamda taqdim etilgan bo‘lib, narxlari 253 ming yuandan ($35 ming) boshlanadi.

Foto: CarNewsChina

Shu bilan birga, avtomobil atrofida muammolar ham yuzaga chiqdi. Ayrimlar buyurtmalarni internetda yuqori narxlarda qayta sotishni boshladi. Sotuvchilar buyurtmalarni 1000 ($139) dan 20 ming ($2700) yuangacha ustama bilan taklif qilishmoqda.

Xiaomi bu holatlarga javoban, buyurtmalar boshqa odam nomiga o‘tkazilmasligini, faqat rasmiy kanallar orqali harakat qilish kerakligini bildirdi. Kompaniya vakiliga ko‘ra, avtomobilni boshqa birovga o‘tkazish faqat yaqin qarindoshlar o‘rtasida ruxsat etiladi va bu rasmiy mulk huquqini o‘zgartirish orqali amalga oshiriladi.

Foto: CarNewsChina

Taqdimot kechasi Pekindagi do‘konlarda savdo vakillari karnaylar bilan xaridorlarni tezroq buyurtma berishga chaqirdi. Ayrim odamlar esa bunga norozilik bildirib, avval test-drayv o‘tkazishni talab qildi. Sababi, SU7 bilan bog‘liq xavfsizlikka oid holatlar ba’zi xaridorlarda shubha uyg‘otgan.

Raqamlarga aniqlik kiritilsa, kompaniya 3 daqiqa ichida 200 mingta YU7 buyurtmasi tushganini aytdi. Ammo mutaxassislar bu faqat niyat bildirish bo‘lib, haqiqiy sotuv hisoblanmasligini ta’kidlamoqda. Xaridorlar depozit to‘lagandan so‘ng 168 soat ichida yakuniy konfiguratsiyani tanlaydi yoki buyurtmani bekor qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi YU7’ning test-drayv videosi muddatidan oldin e’lon qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek