Qamoqqa olinganlar hibsxonaga joylashtirilishidan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadi

Endi qamoqqa olingan shaxslarni tergov hibsxonasiga joylashtirishdan avval ularni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish talab etiladi. Bu bo‘yicha «Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha kiritildi.
Mazkur ko‘rik hibsxonaning o‘zida, shaxs olib kelinganidan boshlab ikki soat ichida amalga oshirilishi belgilangan. Qamoqqa olinganning roziligi asosida ushbu jarayonda uning advokati ham ishtirok etishi mumkin.
Tibbiy ko‘rik yakunida belgilangan namunadagi ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi. Agar ko‘rik davomida qamoqqa olingan shaxs tanasida jarohat, shikastlanish yoki yara alomatlari aniqlansa, bu holatlar tartibga muvofiq qayd etiladi. Shaxsning o‘ziga bu haqda xabar beriladi va holat to‘g‘risida zudlik bilan prokurorga axborot kiritiladi.
Mazkur qo‘shimcha qamoqqa olinganlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yanvar oyida qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilingani haqida yozgandi.