O‘zbekistonning issiqxona pomidorlari eksporti keskin kamaydi

eʼlon qilindi
O‘tgan yilga nisbatan 23 foizga
O‘zbekistonning issiqxona pomidorlari eksporti kamaydi. Foto: East Fruit

2025-yilning yanvar – aprel oylarida O‘zbekistonning issiqxona pomidorlari eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foizga kamaydi. Bu haqda EastFruit ma’lum qildi.

Shu tariqa eksport hajmi ketma-ket to‘rtinchi yil davomida aynan ushbu davrda qisqarishda davom etmoqda.

EastFruit tahlilchilariga ko‘ra, eksportning barqaror pasayishiga asosan O‘zbekiston tomonidan an’anaviy ravishda yetkazib beriladigan asosiy bozorlarda Turkmaniston pomidorlarining jadal kengayishi ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston 2025-yilning dastlabki to‘rt oyida 8,9 ming tonna yangi issiqxona pomidorini eksport qilgan. 2021-yilning shu davrida eksport eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan edi, so‘nggi to‘rt yilda esa eksport hajmi 3,5 barobar kamaygan.

2020 – 2025-yillar yanvar – aprel oylarida O‘zbekistondan issiqxona pomidorlari eksporti hajmi ming tonna. Grafik: East Fruit

Bundan tashqari, O‘zbekiston issiqxona pomidorlari eksportining pasayishiga qo‘shimcha sabab sifatida Rossiya rublining qadrsizlanishi va bu davlat bozorida xarid qobiliyatining pasayishi ham qayd etilmoqda. Rossiya ushbu mahsulot toifasi bo‘yicha O‘zbekiston eksportining 80 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga 200 ming dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksportini rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston do‘stlik bog‘i» loyihasi doirasida 5 gektarlik maydon uchun 10 ming dona sovuqqa chidamli mevali va rezavor daraxt ko‘chatlari yetkazib beriladi. Shuningdek, O‘zbekiston kam suv sarflovchi tizimlarni 10 gektardan kam bo‘lmagan maydonda joriy etish uchun $25 ming miqdorida texnologik yordam ko‘rsatadi.

Shuningdek