“Paxtakor” bekatidagi voqea bo‘yicha metropoliten izoh berdi

eʼlon qilindi
“Bola itarilgan” degan iddaolar rad etilib, bu xabarlar asossiz va yolg‘on ekani ta’kidlandi
Foto: Sora sun’iy intellekti yordamida yaratilgan

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Paxtakor metro bekatiga yosh bolani itarvorishibdi» mazmunidagi xabarlar yolg‘on ekani ma’lum qilindi. «Toshkent metropoliteni» DUK holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 26-iyun kuni soat 18:00 lar atrofida «Paxtakor» metro bekatida 3 yoshli qizaloq hamrohining e’tiborsizligi tufayli vagon eshigiga oyog‘ini qisib olgan. Voqea joyida birinchi yordam ko‘rsatilgan va tez tibbiy yordam xizmati chaqirilgan. Bola og‘ir tan jarohati olmagan.

Shuningdek, «bola itarilgan» degan iddaolar rad etilib, bu xabarlar asossiz va yolg‘on ekani ta’kidlandi.

Metropoliten yo‘lovchilardan yosh bolalarga harakat vaqtida alohida e’tibor qaratishni, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi. Ma’lumot uchun, yolg‘on axborot tarqatish O‘zbekiston qonunchiligi asosida javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi yer usti metrosi qurilishida xatoliklar aniqlangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek