Dollar hafta davomida qanday o‘zgardi

O‘zbekistonda 23 – 27-iyun kunlarida AQSh dollarining rasmiy kursida sezilarli tebranishlar kuzatildi. Haftaning boshida 23-iyun kuni dollar 85,95 so‘mga pasayib, 12 410,99 so‘mni tashkil etdi. Bu hafta davomida dollar qayd etgan eng past qiymat bo‘ldi.
24-iyun kuni dollar o‘z pozitsiyasini tiklab, 12 456,25 so‘mga yetdi. 25-iyunda esa 12 531,78 so‘mga yetdi.
26-iyun kuni dollar kursi o‘sishda davom etdi va 54,63 so‘mlik o‘sish bilan 12 586,41 so‘mga tenglashdi. Haftaning oxirgi ish kunida dollar 67,72 so‘mga oshib, 12 654,13 so‘mni tashkil etdi.
Hafta davomida dollar kursi umumiy hisobda 243,14 so‘mga ko‘tarildi.
16 – 27-iyun oralig‘ida dollar kursining o‘zgarishi

O‘tgan haftada AQSh dollari qiymati 218,19 so‘mga kamaygan edi. 16-iyun kuni 1 dollar 12 715,13 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 17-iyunda 12 668,14 so‘mga tushdi. AQSh valyutasi 18-iyunda 12 618,63 so‘mga pastladi. 19-iyun kuni dollar yana biroz arzonlab, 12 559,26 so‘mni tashkil etdi. 20-iyun kuni dollar kursi 12 496,94 so‘mga tenglashdi.
O‘tgan haftada AQSh dollari qiymatining pasayishi turli xil fikrlarni keltirib chiqargan edi. Iqtisodchi Yuliy Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari AQSh emas, balki Xitoy, Rossiya va Yevropadir. Shu nuqtai nazardan, so‘mning devalvatsiyasi inflyatsiya darajasida bo‘lib, bu uning real qiymatda mustahkamlanmagani yoki qadrsizlanmaganini anglatadi.
Dollar kursining tushishiga asosiy sabab – AQSh siyosatidagi beqarorlik. Donald Trampning proteksionistlik siyosati, tariflarni tez-tez o‘zgartirishi va AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) rahbariyatini ochiq tanqid qilgani investorlar orasida ishonchsizlikni keltirib chiqardi, deb tushuntirdi Yusupov.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri dollar bo‘yicha yangi prognozlar e’lon qilgani haqida yozgan edi.