
Xitoyda 22-iyun kuni sotuvga chiqqan Redmi K80 Ultra smartfoni rekord darajadagi talab bilan qarshi olindi. Bu haqda Mydrivers nashri xabar berdi.
Xiaomi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu budjet flagmani atigi 4 soat ichida 2025-yil bo‘yicha eng ko‘p sotilgan smartfon bo‘ldi.
Redmi brendi rahbari Van Tenning aytishicha, yangi smartfon hatto Xiaomi’ning YU7 krossoveri bilan bir xil darajada mashhurlikka erishmoqda. Faqat birinchi soatning o‘zida 289 mingta oldindan buyurtma ro‘yxatga olingan.
Redmi K80 Ultra AnTuTu benchmarkida 3,24 million ball to‘plab, hozircha eng kuchli Android-smartfon hisoblanmoqda. Shunga qaramay uning boshlang‘ich narxi bor-yo‘g‘i 2599 yuan (taxminan $360)ni tashkil etadi.
Qurilma 7410 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan bo‘lib, bu Xiaomi uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Kompaniyaning rasmiy bayonotiga ko‘ra, smartfon 2,26 kun davomida zaryadsiz ishlashga qodir.
Shuningdek, Redmi K80 Ultra’da IP68/IP69 darajasidagi suv va changdan himoya, 144 Gs chastotali OLED ekran bilan jihozlangan. 100 Vt quvvat bilan zaryadlash va yangi avlod vibratsiya dvigateli mavjud. Bu model global bozorda esa «Xiaomi 15T Pro» nomi ostida chiqishi kutilmoqda. Biroq narxi biroz yuqoriroq bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, kompaniya shu yilning sentabr-oktabr oylarida yangi flagmanlar seriyasi – Xiaomi 16 ni ham taqdim etishni rejalashtirmoqda. Ular bozorda birinchi bo‘lib Snapdragon 8 Gen 4 chipseti bilan jihozlanadi. Ushbu chip hozirgi flagmanlardan 40% tezroq ishlashi bilan ajralib turadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi YU7 SUV 60 daqiqada 300 mingga yaqin buyurtmalar olgani haqida yozgandi.