Qashqadaryolik erkak terrorizmda ayblanib, 16 yilga qamaldi

eʼlon qilindi
U, shuningdek, Afg‘oniston va Pokistondagi jangarilik harakatlarida ham qatnashgan
2013-yilda Saparov radikal guruhlarga qo‘shilgan. Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkentda terrorizm va Termizni raketa bilan o‘qqa tutishda ayblangan qashqadaryolik Obid Saparov ustidan sud jarayoni yakunlandi. Yakkasaroy tumani sudi uni umumiy tartibli koloniyada 16 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Saparov 2025-yil yanvar oyida Pokistonda qo‘lga olingan va keyinchalik O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, 2013-yilda Saparov O‘zbekistonda taqiqlangan radikal guruhlarga – avval «Turkiston islomiy harakati»ga, keyin esa «Islom davlati»ning Afg‘oniston bo‘limiga qo‘shilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Shahrisabz tumanida yashirin guruh tuzib, yig‘ilishlar o‘tkazgan va jihod g‘oyalarini targ‘ib qilgan.

Keyinchalik u O‘zbekistondan chiqib, Pokistonning Vaziriston hududiga o‘tib, u yerda jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan. So‘ngra Afg‘oniston va Pokistondagi jangovar harakatlarda qatnashgan.

2016-yildan 2024-yilgacha u IShID mablag‘lari hisobiga yashagan, jangarilarni yollash, ularning kundalik ehtiyojlarini ta’minlash va mediatsentrda ishlash bilan shug‘ullangan. U O‘zbekiston hokimiyatini ag‘darishga ochiqcha chaqirgan va shunday bayonotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.

Ish materiallarida aytilishicha, Saparov Afg‘oniston hududidan O‘zbekiston tomon qo‘lbola raketalarni uchirishga aloqador bo‘lgan. 2022-yil 5-iyul kuni Termiz tomon beshta snaryad uchirilgan, ulardan ayrimlari turarjoy mahallalariga va sport maydoniga tushgan. Shahar aholisi mulkiga zarar yetgan, lekin talafotlar bo‘lmagan.

Saparovning ko‘rsatmalariga ko‘ra, raketalar uning uyida saqlangan, keyin ularni boshqa guruh a’zosiga topshirgan. Shundan keyin u Rossiya elchixonasi va Kobuldagi sikx ibodatxonasida portlash uyushtirgan guruh bilan ishini davom ettirgan.

Ayblanuvchi aybini qisman tan olib, pushaymonligini bildirgan va oilasi borligini, ilgari sudlanmaganini aytgan. U portlovchi moddalar tayyorlagan va Afg‘oniston tashqarisida ham hujumlar rejalagan guruh tarkibida bo‘lganini ma’lum qilgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri Oʻzbekiston IShID guruhiga qarshi koalitsiyaga a’zo boʻlgani haqida yozgan edi.

Shuningdek