Nvidia va Microsoft 4 trillion dollarlik kapitallashuvga erishadi – Wedbush

eʼlon qilindi
Shu yilning yozida
Nvidia superchiplari
Nvidia ilk bor superchiplarini AQShda ishlab chiqara boshladi / Foto: Vox

Nvidia va Microsoft aksiyalari sunʼiy intellektga boʻlgan qiziqishning keskin oshishi tufayli shu yilning yozida $4 trillionlik bozor kapitallashuviga yetadi. Bu haqda Wedbush Securities investitsiya banki prognozida ma’lum qilindi.

Bankning texnologiya tadqiqotlari boʻlimi boshligʻi Den Ayvzning ta’kidlashicha, investorlar Xitoyga chip yetkazib berishdagi cheklovlar va global bojlar xavotirini ortda qoldirib, sun’iy intellekt sohasidagi yirik imkoniyatlarga e’tibor qaratmoqda.

«Kelgusi 18 oy ichida bozor eʼtibori $5 trillionga qaratiladi, sababi texnologiya sohasidagi oʻsish endigina boshlandi va uni SI inqilobi kuchaytirmoqda», – deya ta’kidladi u.

Ayvz ilgari sun’iy intellekt sohasidagi raqobatni «Taxtlar oʻyini» uslubidagi qurollanish poygasi deb atagan edi. U yangi bayonotida SI atrofidagi shov-shuv va infratuzilmaga kiritilayotgan rekord sarmoyalar texnologiya sektorining asosiy oʻsish drayveriga aylanganini qayd etdi. Nvidia va Microsoft esa ushbu inqilobning asosiy yetakchilari sifatida koʻrilmoqda.

Wedbush ma’lumotlariga koʻra, Nvidiaʼning joriy kapitallashuvi $3,83 trillion, Microsoftʼniki esa $3,69 trillionni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oʻtgan haftada Nvidia aksiyalari yangi tarixiy maksimal daraja – $157,99 ga yetdi. Oy davomida kompaniya qogʻozlari qariyb 17 foizga, chorak boshidan esa 44,5 foizga qimmatlashdi. Microsoft aksiyalari esa oy davomida 8 foizga, chorak boshidan esa 32,5 foizga oshdi.

Wedbush mutaxassislari bulutli xizmatlarni kengaytirayotgan Microsoft, Google va Amazon kompaniyalarini ham asosiy foyda oluvchilar qatorida koʻrsatmoqda. Shuningdek, Advanced Micro Devices (AMD) ham sunʼiy intellekt bozoridagi bu oʻsishdan manfaatdor boʻladi.

Ayvzning fikricha, sunʼiy intellektning isteʼmolchi internetiga ta’siri ulkan boʻlib, bu jarayon aynan AWS va Google Cloud platformalaridan boshlanadi. Ular SI chiplarini sotib olib, SI xizmatlarini rivojlantiradi va oʻz mijozlariga taklif etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nvidia aksiyalari narxi bir kunda qariyb 155 dollarga yetgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek