Qirg‘iziston Xitoydan O‘zbekistonga temir yo‘l qurilishini boshladi

Qirg‘iziston Xitoydan O‘zbekistonga temir yo‘l qurilishini boshladi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rais o‘rinbosari Baxit Toroboyev ma’lum qildi.
Loyihaning umumiy qiymati $4,2 mlrdni tashkil qiladi. Qurilish ishlari 2030-yilga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.
Xalqaro temir yo‘l tarmog‘ining Qirg‘iziston hududidagi uzunligi 304 kilometrni tashkil etadi. Murakkab relyef tufayli yo‘lning taxminan 40 foizi sun’iy inshootlar orqali o‘tadi. Loyihada 27 ta tunnel va 41 ta ko‘prik qurilishi ko‘zda tutilgan.
Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lining rasmiy qurilishiga 2024-yil 27-dekabr kuni start berilgandi. Joriy yil aprel oyida Qirg‘iziston hududidagi barcha asosiy obyektlarda ishlar boshlangan.
Yangi temir yo‘l Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi yuk tashish hajmini sezilarli darajada oshiradi. Ushbu yo‘l Yevropa va Yaqin Sharq bilan mintaqani bog‘laydigan multimodal marshrutlarning bir qismiga aylanadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga transport koridori orqali ilk eksport yuk tashuvini amalga oshirgani haqida xabar bergan edi.
Ushbu tashuv O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy – Mo‘g‘uliston transport koridori orqali O‘zbekiston Transport vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o‘tkazildi.
Ushbu transport koridorining ayrim qismlari murakkab relyefga ega bo‘lgan Oltoy tog‘lari orqali o‘tadi va 1500 metr balandlikka ko‘tariladi. O‘zbekiston milliy yuk tashuvchisi ushbu 4500 kilometr masofani 8 kunda bosib o‘tdi.