Haj mavsumida 8 nafar o‘zbekistonlik Saudiya Arabistonida vafot etdi

2025-yilgi Haj mavsumida 15 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Makka va Madinada ziyoratlarni ado etdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Haj tadbirlari O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Musulmonlar idorasi, shuningdek, Saudiya Arabistonidagi O‘zbekiston elchixonasi va konsulxonasi hamkorligida muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Saudiya Arabistoni hukumati O‘zbekiston tomonidan Haj mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni tashkil etish borasidagi choralarni yuqori baholadi.
Ziyoratchilarning Saudiya Arabistoniga yetib borishi 13-maydan 30-maygacha davom etdi. Ularni O‘zbekistonga qaytarish 12-iyun kuni boshlangan bo‘lib, 29-iyungacha amalga oshirildi.
Jidda shahridagi Qirol Abdulaziz xalqaro aeroportidan O‘zbekistonning turli hududlariga kunlik reyslar orqali qaytarildi.
Afsuski, jazirama ob-havo va sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab, ziyorat paytida surunkali xastalikka chalingan 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi.
Bundan tashqari, ogohlantirishlarga qaramay Hajga noqonuniy yo‘llar bilan borgan 4 nafar fuqaro ham halok bo‘ldi. Ular rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lgani uchun tibbiy yordamdan foydalana olishmagan.
Ziyorat davomida hujjatlarini yo‘qotgan 40 dan ortiq ziyoratchilar O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilgan. Ular uchun O‘zbekistonga qaytish uchun maxsus guvohnomalar tayyorlanmoqda. Jidda shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi zarur huquqiy va konsullik yordamlarini ko‘rsatishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2025-yilgi ilk Haj ziyoratchilari Vatanga qaytgani haqida yozgan edi.