Obligatsiya kompaniya-emitentni himoya qiladi – Spartak Tetrashvili

eʼlon qilindi
TBC banki direktori Spartak Tetrashvilining obligatsiyalar ahamiyati haqidagi fikrlari
Foto: Kursiv Uzbekistan

«Kapital bozori: investitsiya uchun yangi imkoniyatlar» mavzusidagi konferensiyasining ikkinchi sessiyasida TBC banki direktori Spartak Tetrashvili bugungi kundagi obligatsiya kompaniya-emitentni himoya qilishi haqidagi fikrlarini bildirdi.

«O‘zbekistonda odamlar pullarini faqat «yostiq ostida» emas, balki, masalan, mol boqishga ham sarmoya qiladilar va buni yo‘qolmaydigan yaxshi investitsiya deb bilishadi. Biroq biz ushbu mablag‘larni rasmiy moliyaviy sektorga jalb qilish haqida o‘ylashimiz kerak. Eng katta muammo — aholining moliyaviy savodxonlik darajasi pastligi. Buni bartaraf etish zarur, shunda odamlar investitsiya nima ekanini va qanday xavflar mavjudligini tushunadi», dedi u.

Shuningdek, aksariyat odamlar obligatsiya nima ekanini, uni qanday sotib olish va boshqarishni to‘liq tushunmaydi. TBC bank faoliyatining dastlabki ikki yili asosan omonatlar hisobiga moliyalashtirilgan. Ammo keyinchalik kreditga bo‘lgan talab jalb etilayotgan likvidlik hajmidan sezilarli darajada yuqoriligi kuzatilganini keltirib o‘tdi.

«TBC Group sifatida bizda katta tajriba bor. Bizning bosh kompaniyamiz London fond birjasida savdo qiladi, bizni yaxshi tanishadi – bu esa katta yordam beradi. O‘zbekistonda besh yillik faoliyatimiz davomida biz asoschilarimizdan qariyb $500 million jalb qildik.

Ammo biz bilamizki, investitsiya jalb qilish vositalari diversifikatsiya qilinishi kerak. Obligatsiyalar, bu juda muhim va to‘g‘ri vosita. Bugungi kunda obligatsiyalar bo‘yicha yuqori foiz stavkalari bozorda hali rivojlanish bosqichi ketayotganidan darak beradi. Vaqt o‘tishi bilan bu stavkalar pasayadi, lekin bunga vaqt kerak», deya qo‘shimcha qildi.

Tetrashvilining aytishicha, kompaniyaning bosh ofisi orqali JPMorgan, Goldman Sachs, BlackRock va boshqa o‘nlab global institutlar O‘zbekistonga sarmoya kiritmoqda. Ya’ni TBC faqat mablag‘ jalb qilmayapti, balki aslida O‘zbekiston tarixiga sarmoya kiritmoqda.

«Biz ilk obligatsiyalarimizni chiqardik va nimani kuzatdik? Agar bu chakana joylashtirish bo‘lmasa, mamlakat ichida yirik miqdorlarda investitsiya qilishga tayyor institutsional investorlar ko‘p emas. Shu sababli biz O‘zbekiston bozoridan tashqariga ham qarayapmiz», dedi TBC bank rahbari.

Uning fikricha hamma ham so‘mda investitsiya qilish xavfini bo‘yniga ola olmaydi. Ayniqsa, katta hajmlarda gap ketganida afsuski, bunday ko‘lamdagi loyihalarga tayyor mahalliy hamkorlar yo‘q.

«Obligatsiyalar bozori katta barqarorlikni ta’minlaydi: omonatlardan farqli ravishda, ular istalgan vaqtda qaytarilishi mumkin, obligatsiyalar esa mablag‘ni aniq muddatga emitentda «mustahkamlab» qo‘yadi. Shu ma’noda, obligatsiya kompaniya-emitentni himoya qiladi.

Biroq bir muhim jihat mavjud ikkilamchi bozorni rivojlantirish lozim. U allaqachon shakllanmoqda, lekin yanada faol rivojlanishini istaymiz. U kuchli bo‘lgach, O‘zbekistonda obligatsiyalar bozori sifat jihatidan yangi bosqichga chiqadi. Chunki investorlar uchun nafaqat daromadlilik, balki investitsiyalardan chiqish imkoniyati ham juda muhimdir», dedi Tetrashvili.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan konferensiyasining birinchi sessiya tafsilotlari haqida yozgandik.

Shuningdek