3 million dollar kredit olib bermoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlandi

eʼlon qilindi
Kreditning 33 foizi, ya’ni $990 mingni olishni talab qilgan
Foto: DXX

Toshkentda savdo bilan shug‘ullanuvchi, ilgari sudlangan ayol fuqaroga katta miqdorda kredit olib berishni va’da qilib, oldindan $150 ming olayotgan paytda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ayol Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari orqali aksiyadorlik tijorat banklarining biridan $3 million miqdorida maqsadsiz kredit olib berishni va’da qilgan. Buning evaziga kreditning 33 foizi, ya’ni $990 mingni olishni talab qilgan.

DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs oldindan $150 mingni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Tadbir davomida fuqaro bilan go‘yoki o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, kredit mablag‘ini ajratib berishni va’da qilgan bu noqonuniy sxemaning bosh tashkilotchisi – Urganch shahrida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan shaxs ham protsessual tartibda ushlangani ma’lum qilindi.

Mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda qalbaki valyuta savdosi fosh etilgani haqida yozgandi.

Shuningdek