
Realme kompaniyasi o‘zining flagman smartfonlariga Android 16 operatsion tizimini birinchi bo‘lib taqdim etishini e’lon qildi. Bu haqda GSMArena xabar bermoqda. Kompaniyaning rasmiy bayonotiga ko‘ra, yangilanish avvalo Realme GT 7 seriyasi qurilmalari uchun chiqadi.
Eng birinchi bo‘lib Realme GT 7 Pro modeliga Android 16 asosidagi Realme UI 7 yangilanishi yuboriladi. Ushbu model Snapdragon 8 Elite chipida ishlaydi. Shuningdek, Dimensity 9400e va Dimensity 8400 protsessorlariga ega GT 7 va GT 7T modellari ham tez orada yangi tizimga o‘tadi.
GT 7 seriyasi yangilanishni to‘liq olgach, navbat Realme GT 6 seriyasiga keladi. GT 6 va GT 6T modellari birinchi bo‘lib yangilanishni qabul qiladi.
Hozircha kompaniya yangilanish qachon chiqarilishini aniq aytmadi, biroq kuzda to‘liq jadval e’lon qilinishini va’da qilgan.

Realme — 2018-yilda tashkil etilgan Xitoyning smartfon va elektronika brendi bo‘lib, qisqa vaqt ichida dunyo bo‘ylab mashhurlikka erishdi. Kompaniya asosan yoshlar uchun qulay narxdagi, lekin kuchli texnik xususiyatlarga ega smartfonlar ishlab chiqaradi. Realme qurilmalari kuchli protsessor, tezkor zaryadlash, yaxshi kamera va yangilangan dizayni bilan ajralib turadi. Brend hozirda Yevropa, Osiyo va boshqa mintaqalarda faol ishlamoqda.
Brend dastlab OPPO kompaniyasining subbrendi bo‘lgan, keyinchalik alohida ishlab chiqaruvchi sifatida ajralib chiqqan. Realme asosan Android operatsion tizimida ishlovchi smartfonlar, planshetlar, naushniklar va aqlli soatlar ishlab chiqaradi. Kompaniya mahsulotlari Janubiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa va boshqa bozorlarda sotiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Realme 15 va 15 Pro smartfonlari tez orada Hindistonda taqdim etilishi haqida yozgan edi.