Eron Hormuz bo‘g‘ozini minalashga tayyorgarlik ko‘rmoqda – AQSh razvedkasi

AQSh razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, Eron harbiylari o‘tgan oy Fors ko‘rfazidagi kemalarga dengiz minalarini yuklagan. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur harakat Hormuz bo‘g‘ozini yopish rejasining bir qismi bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi.
Hormuz bo‘g‘ozi orqali dunyo neft va gazining beshdan bir qismi tashiladi. Uning to‘silishi global iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Biroq hozircha minalar bo‘g‘ozga joylashtirilmagan.
Vashington Tehron bu harakat orqali faqat bosim o‘tkazishga urinayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Eron parlamenti bo‘g‘ozni yopishni qo‘llab-quvvatlagan, ammo yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. AQSh mintaqadagi harbiy kuchlarini hushyorlikda ushlab turmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Isroil G‘azoda 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish shartlariga rozi bo‘lganini ma’lum qilgan edi.