
2025-yilning yanvar – may oylarida O‘zbekiston xorijdan qiymati $325,3 millionga teng bo‘lgan 18 387 dona yengil avtomobil import qilgan. Import qilingan mashinalarning 9 789 tasi elektromobillarni tashkil etadi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Respublika avtomobil importida eng katta ulushni Xitoy egalladi. Bu davlatdan 15 873 ta avtomobil olib kelingan.
Koreya Respublikasi 1 882 dona avtomobil bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Hindistondan 168 ta, Yaponiyadan 122 ta, AQSHdan esa 82 ta avtomobil import qilingan. Yana 260 ta avtomobil boshqa davlatlardan keltirilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri shu yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonga 4,4 mingta yengil avtomobil import qilingani haqida yozgandi.
Bu davrda ham eng ko‘p avtomobillar Xitoydan keltirildi – 3,1 mingta. Eksport qiluvchilar uchligiga Janubiy Koreya va Yaponiya ham kirdi, ulardan O‘zbekistonga 1,1 ming va 32 ta avtomobil olib kelingan.
Dastlabki ikki oyda import qilingan avtomobillarning umumiy miqdori $75,9 mlnni tashkil etdi.
Ma’lumot uchun, 2024-yiling yanvar-fevral oylarida 17,5 mingta avtomobil import qilingandi. Bu yil ushbu ko‘rsatkich qariyb to‘rt baravarga kamaygan.
Shuningdek, 2025-yilning yanvar – mart oylarida UzAuto kompaniyasi tomonidan 76,9 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2024-yilning shu davrida 76,5 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan. Kompaniyaning ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,49 foizga o‘sdi.
Cobalt, Onix va Damas modellarning ko‘proq ishlab chiqarilishi Lacetti modelining to‘xtatilgani va Tracker avtomobilining qisqargani bilan bog‘liq.