May oyida global aviaqatnovlar hajmi 5 foizga o‘sdi – IATA

eʼlon qilindi
Xalqaro yuk tashish hajmi 2,2 foizga o‘sdi
May oyida global aviaqatnovlar hajmi 5 foizga o‘sdi. Foto: IATA

Aviatsiya sohasida global yo‘lovchi tashish hajmi 5 foizga yuqoriladi. Bu haqda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.

IATA bosh direktori Ville Valhening ta’kidlashicha, yo‘lovchi oqimi sog‘lom sur’atlarda ortib bormoqda.

Yo‘lovchi tashishda umumiy ko‘rsatkichlar

Shu yilning may oyida global yo‘lovchi tashish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga oshdi. Bu o‘sish asosan xalqaro qatnovlar hisobiga yuzaga keldi. Xalqaro yo‘nalishlarda o‘sish darajasi 14,6 foizni tashkil etgan. Ichki qatnovlar borasida bu ko‘rsatkich 2,1 foiz bo‘ldi.

Joylardan foydalanish koeffitsiyenti (PLF – Passenger Load Factor) 83,4 foizga yetib, bu boradagi tarixiy eng yuqori natijaga yaqinlashdi. Xalqaro qatnovlarda bu ko‘rsatkich 83,2 foizni, ichki qatnovlarda esa 83,1 foizni tashkil etdi.

Mintaqalar kesimida eng katta o‘sish Osiyo-Tinch okeani mintaqasida qayd etildi. Bu hududda yo‘lovchi tashish hajmi 9,4 foizga oshdi. Boshqa mintaqalarda ham ijobiy dinamikalar kuzatildi, biroq Shimoliy Amerikada 0,5 foizlik pasayish ro‘y berdi. Yevropa (3,4%), Yaqin Sharq (6,2%), Lotin Amerikasi (8,5%) va Afrika (7,5%) mintaqalari esa o‘sish sur’atlarini namoyish etdi.

Ichki yo‘lovchi qatnovlar orasida eng katta o‘sish Braziliyada (18,3%) va Xitoyda (7,4%) kuzatildi. Shu bilan birga, Yaponiya (1,5%) va Avstraliya (2,9%) ichki qatnovlarida pasayish qayd etilgan.

Yuk tashish bozorida holat

May oyi yakunlariga ko‘ra, xalqaro yuk tashish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2,2 foizga oshdi. Ayniqsa Osiyo — Tinch okeani mintaqasida 8,3 foizlik o‘sish kuzatildi. Yevropa — Osiyo yo‘nalishida 13,4 foiz va Osiyo — Osiyo yo‘nalishida 9,1 foiz o‘sish ro‘y bergan bo‘lsa, Osiyo — Shimoliy Amerika yo‘nalishida 10,7 foiz pasayish kuzatildi. Bu AQShning tashqi savdo siyosati o‘zgarishlari bilan bog‘lanmoqda.

Yonilg‘i narxlari va iqtisodiy omillar

IATA hisobotida keltirilishicha, aviatashuvlar uchun zarur bo‘lgan yonilg‘ining narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,8 foizga arzonlashgan. Bu aviakompaniyalar uchun xarajatlarni kamaytirgan va foyda marjasini biroz yaxshilagan.

Iqtisodiy noaniqliklarga, geosiyosiy xavflarga va valyuta kurslari o‘zgaruvchanligiga qaramay, aviatashuvlar bozori global miqyosda o‘sishda davom etmoqda. Ville Valhening aytishicha, sayohat qilishga bo‘lgan ishtiyoq yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri biznes-klassga chipta bron qilgan o‘zbekistonliklar soni 36 foizga oshgani haqida yozgandi.

Shuningdek