Endilikda kredit foizi stavkalari oshkora e’lon qilinadi

2025-yil 2-iyuldan boshlab O‘zbekiston aholisi uchun kredit turlari bo‘yicha banklarning o‘rtacha foiz stavkalari muntazam e’lon qilib boriladi. Bu yangilik Markaziy bank tomonidan sinov tariqasida joriy etilgan bo‘lib, kredit axboroti davlat reyestri bazasi asosida tayyorlanadi.
Ushbu amaliyotning joriy etilishi fuqarolar uchun bir nechta muhim qulayliklarni yaratadi. Endi har bir fuqaro turli banklar tomonidan taklif etilayotgan kredit shartlarini solishtirib, o‘ziga eng ma’qul variantni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, bozordagi ma’lumotlar noaniqligi kamayadi, shaffoflik oshadi va raqobat muhitida tanlov imkoniyatlari kengayadi.
2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga asoslanib, mikroqarzlar va avtokreditlar bo‘yicha tijorat banklarining o‘rtacha foiz stavkalari e’lon qilindi.
Mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 34,9 foizni tashkil etdi. Eng yuqori foiz stavkasi Apex bankda (40,0%), eng past foiz stavkasi esa Aloqabankda (21,4%) qayd etilgan. Shu bilan birga, ko‘plab banklarda foiz stavkalari 26–39% oralig‘ida o‘zgarib turadi.
Avtokreditlar bo‘yicha esa o‘rtacha foiz stavkasi 24,1 foizni tashkil qilmoqda. Bu turdagi kreditlarda eng past foiz Ipoteka bank (21,1%) va OFB (21,2%) tomonidan taklif etilmoqda. Eng yuqori foiz stavkasi esa Hamkor bankda (29,0%) qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, mikroqarzlar tashqarisida jismoniy shaxslarga berilayotgan kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 23,7 foizni, yuridik shaxslarga ajratilayotgan kreditlar bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich 23,0 foizni tashkil qilmoqda.
Ushbu ochiqlik kredit bozori ishtirokchilari o‘rtasida shaffoflikni ta’minlash, iste’molchilarning xabardorligini oshirish va sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida joriy etilgan bo‘lib, hozircha sinov tarzida amalga oshirilmoqda. Takliflar asosida bu amaliyot kelgusida yanada takomillashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank kreditorlarni ogohlantirgan edi.