
Qozog‘istonda Chevrolet Cobalt avtomobilining narxi bir hafta ichida 1,7 mln tengega ($3,2 ming) pasayib, hozirda 6,5 mln tengega ($12,5 ming) taklif etilmoqda. Bu chegirmalar faqat 2024-yilgi ishlab chiqarilgan avtomobillarga tegishli. Bu haqda Kursiv Media xabar bermoqda.
24-iyunga qadar Optimum komplektatsiyasidagi Chevrolet Cobalt narxi 8,19 million tenge ($15,8 ming) edi. Keyinchalik u 7,29 million tengega ($14 ming) tushirildi. So‘nggi hafta davomida esa yana 800 ming tengega ($1,5 ming) arzonlashdi. Cobalt hozirda Qozog‘iston bozoridagi eng arzon avtomobillardan biri bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, Chevrolet Onix modelining mexanik uzatmali bazaviy versiyasi 6,99 mln tenge ($13,9 ming), Tracker krossoveri esa 9,99 mln tenge ($19,2 ming) narxda sotilmoqda. Qimmatroq komplektatsiyalarda esa chegirmalar 1,5 mln tengegacha ($2,8 ming) yetmoqda.
Chevrolet Cobalt, Onix va Tracker modellari hozirda qozog‘istonliklar orasida eng ko‘p foydalanilayotgan avtomobillar sirasiga kiradi. Narxlarning qayta pasaytirilishi esa arzon segmentda kuchayib borayotgan Xitoy avtomobillari raqobati fonida yuz bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda Chevrolet avtomobillari narxi keskin arzonlashgani haqida yozgan edi.