Prezident Afg‘oniston vakili bilan Transafg‘on temir yo‘li qurilishini muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev Xonkendi shahridagi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodarni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tomonlar o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar sonining ortib borayotgani qayd etildi. Kobul va Mozori Sharifda ochilgan savdo uylari, shuningdek, imzolangan imtiyozli savdo bitimi hamkorlikning amaliy natijasi sifatida e’tirof etildi.
Mirziyoyev qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalarda yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuvda Transafg‘on temir yo‘lini qurish bo‘yicha strategik loyiha ham muhokama qilinib, uning mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyot uchun muhim ekani alohida qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Bokudagi Faxr xiyoboni va G‘alaba bog‘iga tashrif buyurgan edi.