Toshkent metrosida 13 ta bekatdagi chipta sotadigan kassalar yopiladi

Toshkent metropolitenida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlari joriy etilishi munosabati bilan 13 ta bekatdagi QR-kodli chiptalar sotadigan kassalar yopiladi. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» xabar berdi.
Raqamlarga ko‘ra, ilgari metro yo‘lovchilarining 45 – 50 foizi QR-kodli chiptalardan foydalangan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich atigi 6-7 foizni tashkil qilmoqda.
Shu sababli, yo‘lovchilarning naqd to‘lovga bo‘lgan ehtiyoji kamaygani inobatga olinib, «Mirzo Ulug‘bek», «Xalqlar do‘stligi», «Paxtakor», «Hamid Olimjon», «Pushkin», «Do‘stlik», «Toshkent», «Oybek», «Tinchlik», «Shahriston», «Bodomzor», «Minor» va «Abdulla Qodiriy» bekatlarining bittadan vestibyulidagi kassalar yopildi.
Mazkur vestibyullarda esa sinov tariqasida avtomatlashtirilgan chipta sotish qurilmalari (terminal-bankomatlar) o‘rnatilmoqda. Shu bilan birga, yo‘lovchilar ushbu hududlarda ham mavjud boshqa elektron to‘lov vositalaridan bemalol foydalanishlari mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Quruvchilar – Yangiobod» oralig‘ida metro harakati uch oyga to‘xtashi haqida yozgandi.