Huawei elektromobillar uchun uzoq masofaga moʻljallangan akkumulyatorni taqdim etdi

4-iyul 2025 16:36 eʼlon qilindi

(4-iyul 2025 23:00 yangilandi)
Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Huawei 3000 km yuradigan elektromobil texnologiyasini taqdim etdi / Foto: 4pda

Huawei kompaniyasi yangi akkumulyator bilan 3000 km yuradigan elektromobil texnologiyasini taqdim etdi. Kompaniya yangi avlod qattiq holatdagi akkumulyator texnologiyasi uchun patent oldi.

Yangi akkumulyatorlar energiya zichligi 400 – 500 Vt/soat/kg bo‘lishi aytilmoqda. Bu ko‘rsatkich hozirgi litiy-ionli akkumulyatorlardan bir necha baravar yuqori.

Kompaniyaning hisob-kitobiga ko‘ra, bunday akkumulyatorli elektromobillar bir zaryad bilan 3000 km masofani bosib o‘tishi mumkin. Zaryadlash esa 10 foizdan 80 foizgacha atigi 5 daqiqadan kam vaqt oladi.

Ushbu texnologiya azot bilan boyitilgan sulfidli elektrolitlar asosida ishlaydi. Bu esa kimyoviy reaksiyalarni kamaytiradi va akkumulyatorning barqarorligini oshiradi. Qolgan tafsilotlar hozircha sir saqlanmoqda.

Huawei o‘zi mashina ishlab chiqarmaydi. Ammo boshqa avtomobil brendlari bilan hamkorlikda texnologiyalarini joriy qilmoqda.

Shunga qaramay, mutaxassislar bu yangilikka ehtiyotkorlik bilan qaramoqda. Janubiy Koreyadagi Dankuk universiteti professori Yang Min-xoning aytishicha, bunday natijalar hozircha faqat laboratoriyada mumkin.

Texnologiyani keng miqyosda ishlab chiqarishga joriy qilish ancha murakkab.

Huawei bu ishlanmasi orqali qattiq holatdagi akkumulyatorlar bo‘yicha global raqobatda o‘z o‘rnini mustahkamlashni maqsad qilgan. Ammo uning amaliy joriy etilishi va samaradorligi hali noma’lum.

Huawei – Xitoyning dunyoga mashhur texnologiya kompaniyasi bo‘lib, 1987-yilda Ren Chjenfey tomonidan asos solingan. Kompaniya dastlab telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lsa-da, hozirda smartfonlar, sun’iy intellekt, bulut texnologiyalari, 5G tarmoqlari va avtomobil texnologiyalari sohasida ham faoliyat yuritadi. Huawei o‘zining innovatsion ishlanmalari bilan tanilgan va ko‘plab mamlakatlarda raqamli infratuzilmani rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Huawei Pura 80 Ultra smartfonlar bozorida katta qiziqish uyg‘otayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek