Samarqandda inspeksiya bosh mutaxassisi pora bilan ushlandi

Samarqand viloyatidagi Texnik jihatdan tartibga solish inspeksiyasi bosh mutaxassisi g‘isht zavodida o‘tkazilgan tekshiruv vaqtida pora olayotgan paytda qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
U Paxtachi tumanidagi MChJlardan biriga tegishli zavodda 226 mln so‘mlik sifatsiz mahsulot ishlab chiqarilganini aytib, bu summani 25 mln so‘mga tushirish evaziga $3 ming talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u xizmat xonasida 2 $500 ni pora sifatida olayotganida ushlangan.
Hozirda unga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ohangaron shahar hokimligining mansabdor xodimi qo‘lga olingan edi.