Fond bozori: o‘tgan hafta qaysi aksiyalar qimmatlashdi, qaysilari arzonlashdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 30-iyundan 4-iyulgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,8 foizga yuqoriladi.
«O‘zbektelekom» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 6,35 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Aloqabank» (+4,88%), «O‘zbekgeofizika» (+3,78%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «Hamkorbank» aksiyalari 5,51 foiziga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. «O‘zRTXB» ( – 4,76%), «Kvarts» (– 4,15%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi.
Faqat «Chilonzor buyum savdo kompleksi» aksiyalari narxida esa o‘zgarish kuzatilmadi.

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «O‘zRTXB» (758 ta), «Qizilqumsement» (352 ta) va «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (341 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «Universal bank» (1,18 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (636,50 mln so‘m) va «Portlatishsanoat» aksiyalari (352,00 mln so‘m) yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 10 tasi haftani ijobiy, bittasi o‘zgarishsiz, qolgan 12 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 4,41 mlrd so‘m bo‘ldi.
Avvalroq «Toshkent» respublika fond birjasidagi aksiyalarning aksariyati 23-iyundan 27-iyungacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,24 foizga yuqorilagandi.
Ushbu davrda ham «O‘zbektelekom» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 5,08 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Ipoteka-bank» (+3,60%), UzAuto Motors (3,44%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.