Jizzax viloyatida $520 millionlik 200 ta loyiha amalga oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida islohotlar borishi, loyihalar ijrosi va aholini qiynayotgan masalalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
2023-yil oxirida qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq, 2025-yilda Jizzaxga $2 mlrd investitsiya jalb qilish, $285 mlnlik eksportga erishish va 168 ming ish o‘rni yaratish belgilangan edi. Shu asosda so‘nggi olti oyda 200 ta loyiha ishga tushirilib, $662 mln investitsiya o‘zlashtirildi.
Biroq ayrim tumanlar – Do‘stlik, Zafarobod, Paxtakor va Mirzacho‘lda faollik yetarli emas. Shu sabab u yerlarda yangi loyihalarni ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Turizm sohasida $250 mlnlik majmualar ishga tushib, sayyohlar soni ikki baravar oshdi. Qishloq xo‘jaligida esa mavjud yerlarning faqat 40 foizi o‘zlashtirilgan bo‘lib, katta imkoniyatlardan foydalanish lozim.
Prezident tashabbusi bilan viloyatda «Islohotlar shtabi» tashkil etildi. Taqdim etilgan $520 mlnlik 200 ta loyiha orqali 12 ming ish o‘rni, 120 mlrd so‘m budjet tushumi va $100 mlnlik eksport yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda 12 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi haqida yozgan edik.