Bir necha viloyatlarda yirik mansabdor shaxslar pora bilan qo‘lga tushdi

Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bir nechta mansabdor shaxslar pora olayotgan va yer ajratishda noqonuniy harakatlar qilayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Beruniy tumani hokimining o‘rinbosari Taxiyatosh tumanida faoliyat yuritayotgan, qizilmiyaning ildizini qayta ishlovchi MCHJ rahbariga Beruniy tumanidan 150 gektar yer ajratish evaziga $12 ming olayotganida ushlandi
Namangan viloyatida esa Kosonsoy tumanidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari xo‘jalikdagi 24 gektar yer maydonini tanish mansabdori orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish uchun $240 ming talab qilib, shundan $50 mingini olayotganida ushlandi
Tergov davomida uning tanishi – Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining Kosonsoy tumani loyiha ofisi bosh mutaxassisi ham shu yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga $10 ming olayotganida qo‘lga olindi
Yana bir holatda Andijon viloyatida Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i 6 sotix yer maydonidagi noqonuniy qurilmalarga nisbatan zararni kamaytirib xulosa berish evaziga $1 ming olayotganda ushlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda inspeksiya bosh mutaxassisi pora bilan ushlangan edi.