AQSh Qozog‘iston mahsulotlariga 25 foiz boj joriy qiladi

eʼlon qilindi
Agar Qozog‘iston ishlab chiqarishni AQShga ko‘chirishsa, bojlar bekor qilinadi
AQSh Qozog‘iston mahsulotlariga 25% boj joriy qiladi / Foto: Tm Brenner / Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp 2025-yil 1-avgustdan boshlab Qozog‘istondan import qilinadigan mahsulotlarga 25 foizlik boj solig‘i joriy etilishini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Tramp Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayevni ham o‘z ichiga olgan besh davlat rahbariga rasmiy maktublar yubordi. Ularda yangi boj stavkalari kiritilayotgani haqida ogohlantirgan.

Trampning Toqayevga yo‘llagan maktubida asosiy sabab sifatida AQSh va Qozog‘iston o‘rtasidagi katta savdo nomutanosibligi ko‘rsatilgan. Bu nomutanosiblik Qozog‘iston tomonidan qo‘llanilgan tarif va no-tarif siyosatlari, shuningdek, savdo to‘siqlari bilan bog‘liq ekani aytilgan.

«Agar siz boj stavkalaringizni oshirishga qaror qilsangiz, biz belgilagan 25 foizlik stavkaga qo‘shimcha bo‘ladi. Shuni tushunishingizni so‘raymizki, bu bojlar Qozog‘istonning yillardan buyon olib borayotgan tarif va no-tarif siyosatlari sabab yuzaga kelgan nomutanosiblikni bartaraf etish uchun zarur. Bu barqaror savdo kamomadlari bizning iqtisodiyotimiz va hatto milliy xavfsizligimizga jiddiy tahdid tug‘dirmoqda», – deyiladi maktubda.

Tramp agar Qozog‘iston yoki u yerdagi kompaniyalar mahsulot ishlab chiqarishni AQSh hududiga ko‘chirsa, boj olinmasligini va’da qilgan.

Yangi boj stavkalari faqat Qozog‘istongagina emas, balki boshqa davlatlarga ham joriy etiladi. Jumladan, Malayziya uchun 25 foiz, Janubiy Afrika Respublikasi uchun 30 foiz, Laos va Myanma uchun esa 40 foizlik tarif belgilangan.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, ushbu bojlar xalqaro savdoda adolatni tiklash va Amerika biznesini himoya qilishga qaratilgan.

Hozircha Qozog‘iston hukumati bu borada rasmiy munosabat bildirmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp BRIKSga qoʻshilayotgan davlatlarga qarshi keskin chora koʻrish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek