Har bir mahalla jinoyatsiz hududga aylanishi kerak – prezident

eʼlon qilindi
Ayniqsa, giyohvandlik va kiberjinoyatlarga qarshi kurash kuchaytiriladi
Har bir mahalla jinoyatsiz hududga aylanishi kerak — prezident / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yil boshida imzolangan qarorga asosan, har bir mahallada huquqbuzarliklarning oldini olish ustuvor vazifa etib belgilangan edi. So‘nggi olti oyda viloyat, tuman va mahallalar bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqildi, profilaktika kuchaytirildi. 5,2 mingta mahallada birorta ham jinoyat qayd etilmadi.

Shunga qaramay, ayrim hududlarda kriminogen vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Davlat rahbari jinoyatchilikka qarshi kurashda sun’iy intellekt, videokuzatuv tizimlarini keng joriy etish zarurligini ta’kidladi. Ayniqsa, giyohvandlik va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, aholini ogoh qilish muhim vazifa sifatida qayd etildi.

Ichki ishlar tizimi xodimlarining malakasini oshirish, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasini rivojlantirish, jinoyat sabablarini o‘rganish va profilaktika ishlarini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Huquq-tartibot idoralari o‘zaro muvofiq ishlashi va tezkorlikni oshirishi lozimligi ta’kidlandi.

Prezident tinchlik va qonun ustuvorligi mamlakat taraqqiyoti va aholi farovonligining asosiy omili ekanini alohida urg‘uladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo va Farg‘onada noqonuniy yer savdosiga uringanlar qo‘lga olingan edi.

Shuningdek