Chery Fulwin A9L avtomobilining savdosi boshlandi – narx, foto

9-iyul 2025 09:58 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chery Fulwin A9L
Chery Fulwin A9L savdosi boshlandi / Foto: CarNewsChina

Xitoyda Chery kompaniyasining yangi biznes-klassdagi Chery Fulwin A9L sedanining savdosi boshlandi. Bu haqda ITHome texnologiyalar nashri xabar bermoqda.

Mashina katta o‘lchamlari, zamonaviy texnologiyalari va kuchli texnik ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi. Uning uzunligi 5018 mm, eni 1965 mm, g‘ildirak bazasi esa 3000 mmni tashkil etadi.

Foto: Chery

Avtomobilning eng kuchli versiyasi ikki elektromotor bilan jihozlangan bo‘lib, jami 639 ot kuchini taqdim etadi. U to‘liq yuritishga ega. Barcha versiyalar Kunpeng Super Hybrid CDM 6.0 tizimiga asoslangan. 1,5 litrli dvigatel va elektromotor birgalikda ishlaydi. Sodda versiyada bitta elektromotor mavjud. U ham 374 ot kuchini taqdim etadi. Bu Toyota Camry, Honda Accord yoki Kia K8 kabi sedanlardan kuchliroq.

Mashina 33,67 kVt/soatli batareyaga ega. U faqat elektrda 260 km yurish imkoniyatiga ega. Umumiy yurish zaxirasi esa 2500 km dan ortiq. Oldingi osma – ikki tayanchli, orqa esa mustaqil besh tayanchli bo‘lib, elektromagnit adaptiv amortizatorlar bilan to‘ldirilgan. Tormoz yo‘li 100 km/soatdan 34,1 metrni tashkil qiladi.

Fulwin A9L, shuningdek, Falcon 500/700 nomli avtopilot tizimi bilan jihozlangan. U lidar, 3 ta millimetr to‘lqinli radar, 11 ta HD-kamera va 12 ta ultratovushli sensor bilan to‘liq avtomatik boshqaruv imkonini beradi. Mashina 135 km/soat tezlikda to‘siqlardan aylanib o‘tishi va 130 km/soatgacha avtomatik to‘xtashi mumkin.

Foto: Chery

Salonida 15,6 dyuymli ekran, Snapdragon 8255 chipiga asoslangan multimedia tizimi, Apple CarPlay va Huawei HiCar texnologiyalari mavjud. Bundan tashqari, to‘liq adaptiv kruiz-kontrol, panoramali tom, 10,25 dyuymli raqamli panel, bagaj eshigi elektr mexanizmi, charm salon va 256 rangli ichki yoritish ham mavjud.

Yuqori toifali versiyalarda massajli old o‘rindiqlar, orqa o‘rindiq isitish va 23 ta karnayli audio tizim taklif etiladi. Fulwin A9L hozircha 5 o‘rinli variantda taqdim etilmoqda, biroq keyinchalik 4 o‘rinli versiyasi ham chiqariladi. Barcha versiyalarda sovitish va isitish funksiyali maxsus boks mavjud.

Mashina to‘rt xil to‘plamda sotuvga chiqdi. Narxlar 149,9 ming yuandan ($20,9 ming) boshlanadi va 207,9 ming yuangacha ($29 ming) yetadi. Hozirda trade-in orqali 10 ming yuanga ($1400) chegirma taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 17 ming dollarlik Chery Tiggo 8 Plus avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek