Jizzaxda 1,5 mlrd so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlandi

Jizzaxda 1,5 milliard so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlandi. Bu haqda «Oʻzenergoinspeksiya» xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, viloyatning G‘allaorol tumanidagi Ftiziatriya dispanseri elektron gaz hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qoidabuzarlik oqibatida gaz ta’minoti korxonasiga 1 milliard 535 million so‘m zarar yetkazilgan.
Hozirda holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq iyun oyi mobaynida 136 mlrd so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgani haqida yozgandik.
Xabarga ko‘ra, iyun oyida iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan 234 ta holat aniqlandi. Shuningdek, iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 471 ta ma’muriy ish rasmiylashtirilgan.