Tolimarjon IESda ikkita bug‘-gaz bloki barpo etilmoqda

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasida umumiy quvvati 1065 MVt bo‘lgan ikkita zamonaviy bug‘-gaz qurilmasi bunyod etilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Loyihaning amalga oshirilishida Ispaniyaning Intecsa Ingeniera Industrial S.A., Yaponiyaning Mitsubishi Corporation va Turkiyaning Çalik Enerji kabi yetakchi xorijiy kompaniyalari ishtirok etmoqda.
Ayni paytda qurilish ishlari yakuniy bosqichga yetib, asosiy energiya uskunalari o‘rnatildi. Loyiha to‘liq ishga tushgach, stansiya yiliga qo‘shimcha 8 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Aksa Enerji Qashqadaryodagi issiqlik elektr stansiyasini to‘liq ishga tushirgani haqida yozgandi.
Ushbu stansiya 430 megavatt quvvatga ega. Kompaniya bu galgi loyihasi bilan O‘zbekistonda umumiy ishlab chiqarish quvvatini 1 220 megavattga yetkazdi. Aksa Enerjining hozirda yetti mamlakatdagi stansiyalarining umumiy quvvati 3 124 megavattni tashkil etadi.