Chilonzordagi sanoat hududida 100 ta yangi loyiha ishga tushadi

eʼlon qilindi
Natijada 3 mingta qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi
Chilonzordagi sanoat hududida 100 ta yangi loyiha ishga tushadi. Foto: Prezident matbuot xizmati

Chilonzordagi sanoat hududida 100 ta yangi loyiha ishga tushadi. Natijada uch mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi sanoat hududida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Beshqo‘rg‘on va Tirsakobod mahallalarida joylashgan ushbu kichik sanoat zonasi 320 gektar maydonni egallaydi.

Transport va yo‘l infratuzilmasi yaxshilangan ushbu hududda hozirda 531 ta korxona faoliyat yuritmoqda, 20 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Yillik ishlab chiqarish hajmi 6,8 trln so‘mni tashkil etadi. Joriy yilda 50 ta korxona $180 mlnlik mahsulotni eksport qilishi rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bundan tashqari, davlat rahbari Tarleplast korxonasidagi ishlab chiqarish jarayonini ham ko‘zdan kechirdi. $25 mlnlik loyiha doirasida 12 turdagi zamonaviy Yevropa uskunalari o‘rnatilgan ushbu korxona yiliga 90 ming tonna temir quvur va po‘lat profillar ishlab chiqaradi. Bu mahsulotlar 900 mlrd so‘mga teng bo‘lib, korxonada 120 kishi ish bilan ta’minlangan. O‘tgan yili bu yerda ishlab chiqarilgan $4 mlnlik mahsulot Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonga eksport qilingan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident yangi loyiha va ko‘rgazmalar bilan ham tanishdi. Yaqin yillarda ko‘p qavatli ishlab chiqarish binosi va monomarkaz qurilishi rejalashtirilgan. Natijada yana 100 ta yangi loyiha ishga tushib, 3 mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi. Loyiha yo‘nalishlari: qurilish, farmatsevtika, elektrotexnika, poligrafiya, avtomobilsozlik, tikuv-trikotaj va qandolatchilik.

Avvalroq Bunyodkor ko‘chasining bir qismi gastronomik turizm maskaniga aylantirilgani haqida yozgandik. Ushbu maskanda 90 ta tadbirkorlik subyekti tunu kun ishlaydi. Shundan 45 tasi yangi tashkil etildi, 500 kishi ish bilan ta’minlandi.

Shuningdek