Nvidia aksiyalari oshmoqda: Xuang Forbes ro‘yxatida Baffetdan o‘zib ketdi

Nvidia rahbari Forbes milliarderlar ro‘yxatida Baffetni vaqtincha ortda qoldirdi. Bu haqda Oninvest nashri xabar bermoqda.
10-iyul kuni Nvidia rahbari Jensen Xuang Forbes milliarderlar ro‘yxatida mashhur investor Uorren Baffetdan yuqoriga ko‘tarildi. Xuang savdolar davomida Baffetdan o‘zib ketdi, biroq birja yopilishida Berkshire rahbari yana ustunlikni qaytarib oldi.
Forbes ma’lumotiga ko‘ra, savdo yakunida Baffetning boyligi $143,3 milliard, Xuangning boyligi esa $142,9 milliard deb baholandi. Shu tariqa ular reytingda mos ravishda yettinchi va sakkizinchi o‘rinni egalladi.
Xuang kun davomida boyligini 818 million dollarga oshirib, Baffetning o‘rnini egalladi. Aksincha, Baffetning boyligi $1,2 mlrdga kamaydi. Xuang hozirda reytingda oltinchi o‘rinda turgan Google hammuassisi Larri Peyjdan $4 milliardga ortda bormoqda.
Bloomberg milliarderlar ro‘yxatida esa Baffet Xuangdan faqat $1 milliardga oldinda: Baffetning boyligi $144 milliard, Xuangniki esa $143 milliard deb baholangan. Ular mos ravishda to‘qqizinchi va o‘ninchi o‘rinlarda turibdi.
Forbes reytingida birinchi o‘rin Tesla bosh direktori Ilon Maskka tegishli: uning boyligi $402,1 milliard deb baholandi. 10-iyuldagi savdolar davomida Tesla aksiyalarining deyarli 5 foizga oshishi hisobiga Maskning boyligi $7,9 milliardga o‘sdi.
Xuangning boyligi qanday oshdi
Jensen Xuang Nvidia aksiyalarining qariyb 3,5 foiziga egalik qiladi. Bu uni kompaniyaning eng yirik shaxsiy aksiyadoriga aylantiradi, deb yozadi Fortune. Nvidia aksiyalari 2025-yil boshidan buyon 22 foizga oshgan. 10-iyuldagi savdolarda ham ularning narxi deyarli 1 foizga o‘sdi.
9-iyul kuni Nvidia tarixda birinchi kompaniya bo‘lib birja savdolarida $4 trillionlik bozor qiymatini ortda qoldirdi. Biroq kompaniya birja yopilguncha bu natijani ushlab turolmadi. 10-iyulda ham kompaniya qiymati shu ko‘rsatkichdan oshib ketdi. Nvidia hozirda dunyodagi eng qimmat jamoat kompaniyasi hisoblanadi.
Analitiklar Nvidia o‘sishi hali tugamaganini ta’kidlashmoqda. «Nvidia chipiga bo‘lgan talab juda katta», – deydi Zacks Investment Management portfel boshqaruvchisi Brayan Malberri.
Avvalroq Nvidia dunyoda bozor qiymati $4 trillionga yetgan ilk kompaniyaga aylangani haqida yozgandik.