
Realme Note 70T smartfoni tez orada taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda GSMArena texnologiyalar nashri xabar bermoqda.
Yangi model 4 GB tezkor xotira va 128 GB doimiy xotira bilan chiqadi. Ekrani 6,74 dyuymli FHD+ AMOLED bo‘lib, «kapalak» uslubidagi old kamera joylashuviga ega. Protsessor sifatida Unisoc T7250 ishlatilgan.
Batareyasi 6 000 mA/soat quvvatga ega, 15 vattlik tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Orqa kamera – 50 MP, old kamera esa 16 MP. Yon tomonda barmoq izi skaneri bor. 3,5 mm naushnik uchi ham saqlab qolingan.
Smartfon IP64 darajasida chang va suv tomchisidan himoyalangan. O‘lchamlari 161,7 × 74,7 × 7,6 mm, og‘irligi esa 185 grammni tashkil etadi. Smartfon qora va oltin ranglarida taqdim etiladi.
Realme – bu Xitoyning smartfon ishlab chiqaruvchi brendi bo‘lib, dastlab 2018-yilda tashkil etilgan. Kompaniya qisqa vaqt ichida dunyo bozorida o‘z o‘rnini egallab, mashhurlikka erishdi.
Uning mahsulotlari zamonaviy dizayn, kuchli texnik xususiyatlar va arzon narxlar bilan ajralib turadi. Realme o‘zining narx va sifat muvozanatini saqlagan modellarini taqdim etib, ko‘plab raqobatchilardan ajralib turadi. Shuningdek, u nafaqat telefonlar, balki naushnik, soat, planshet va boshqa aqlli qurilmalarni ham ishlab chiqaradi. Kompaniya innovatsiyalarga intilishi va foydalanuvchilar ehtiyojlariga e’tibor qaratishi bilan tanilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Realme 15 Pro qanday protsessorda taqdim etilishi ma’lum bo‘lgani haqida yozgan edi.