O‘zbekistonda 2025-yilning birinchi yarmida 19 mingdan ortiq bojxona qonunbuzarliklari aniqlandi

2025-yilning yanvar–iyun oylarida 19 mingdan ortiq bojxona qonunbuzarligi va kontrabanda holatlari aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinshicha, bojxona qonunbuzarligi va kontrabanda holatlarining umumiy qiymati 564 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklar noqonuniy aylanmadan chiqarildi.
Davlat budjetiga 34 trillion so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari tushdi va belgilangan reja to‘liq bajarildi. 11 mingdan ortiq tadbirkorga 24,6 trillion so‘mlik bojxona imtiyozlari va preferensiyalar berildi. 2,8 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlarini esa kechiktirib to‘lashga ruxsat etildi.
Tashqi savdo hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga o‘sdi, eksport 7 foizga, rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalari soni esa 12 foizga ortdi. Yukli avtotransportlar soni 165 mingtaga, yuk vagonlari 376 mingtaga, chegaralardan o‘tgan yo‘lovchilar soni esa 3,3 million nafarga ko‘paydi.
Eng e’tiborga molik o‘zgarishlardan biri — noqonuniy aylanmadan chiqarilgan valyuta va zargarlik buyumlari miqdoridagi keskin o‘sish bo‘ldi. Aniqlanishicha, bojxona organlari tomonidan musodara qilingan valyuta o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 barobarga, zargarlik buyumlari esa deyarli 2 barobarga oshgan.
Bojxona xodimlari tomonidan 1247 kilogramm giyohvandlik vositalari, 156 kilogramm psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar chegaradan noqonuniy o‘tkazilishi oldi olindi.
Raqamlashtirish jarayonlari ham faol davom ettirildi. Natijada eksport yuklarining 94 foizi, importning esa 84 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi. Jumladan, inson omilisiz to‘liq avtomatlashtirilgan holda eksportda 51 foiz, importda esa 16 foiz deklaratsiyalar rasmiylashtirildi. Bu esa 26,6 mingdan ortiq tadbirkorning vaqt va xarajatlarini sezilarli darajada tejadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan senat IMEI ro‘yxatga olishdagi muammolar yuzasidan vazirga murojaat yo‘llagani haqida xabar bergan edi.