O‘zbekistonda Uels bilan qo‘shma universitet ochilishi mumkin

O‘zbekistonda Uels bilan qo‘shma universitet ochilishi mumkin. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmanov Uels ta’lim vaziri Linn Nigl bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ikki tomonlama ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari, jumladan, maktabgacha va maktab ta’limi, inklyuziv ta’lim, o‘qituvchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash yo‘nalishlarida tajriba almashish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ikki tomonlama diplom berish dasturlarini joriy etish, o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar Kardiff universiteti bilan hamkorlikda Samarqandda Britaniya tibbiyot universitetini tashkil etish masalasini kelishib oldi. Shu bilan birga, uning qoshida zamonaviy shifoxona barpo etish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, TMS Toshkent xalqaro institutida 5 ta bakalavriat va 1 ta magistratura yo‘nalishida Kardiff Metropolitan universiteti dasturlarini joriy etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun, Uels Buyuk Britaniya tarkibidagi to‘rtta ma’muriy-siyosiy hududlardan biri bo‘lib, 3,1 million aholiga ega. Hududning yalpi ichki mahsuloti $115,7 milliardni tashkil etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ikkinchi mutaxassislikka qabul boshlangani haqida yozgandi.