Grok chat-boti Tesla avtomobillarida kelasi haftadan ishga tushadi

Ilon Mask o‘zining Tesla kompaniyasi avtomobillarida Grok sun’iy intellekt chat-boti kelasi haftadan kechiktirmay ishga tushirilishini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya rahbari X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Mask 2023-yil aprel oyida sun’iy intellekt yaratish bilan shug‘ullanuvchi xAI startapiga asos solgandi. Oradan bir necha oy o‘tib, kompaniya Grok nomli sun’iy intellekt asosidagi chat-botni taqdim etdi.
Loyiha mualliflarining ta’kidlashicha, Grok boshqa shunga o‘xshash mahsulotlardan farqli o‘laroq senzurasiz ishlaydi va real vaqt rejimida yangilangan ma’lumotlar bilan ta’minlaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkiyada Grok chat-botiga cheklov qo‘yilgani haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, X platformasiga tegishli bu tizim foydalanuvchilarga nisbatan haqoratli javoblar bergan. Shuningdek, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni haqorat qilgani sababli tergovga tortildi.
Anqara Bosh prokuraturasi tizimga nisbatan rasmiy surishtiruv boshlaganini tasdiqladi. Tergovga sabab sifatida Grok’ning so‘nggi yangilanishlaridan keyin foydalanuvchilarga va uchinchi shaxslarga nisbatan haqoratli mazmundagi javoblar bergani ko‘rsatilmoqda.
Shu sababli Turkiya hududida ushbu sun’iy intellekt tizimiga kirish vaqtincha to‘xtatildi.