Zomin qozon patiri geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi

Adliya vazirligi tomonidan Zomin qozon patiri rasmiy ravishda geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Mazkur mahsulot endilikda o‘ziga xos hududiy brend maqomiga ega bo‘lib, davlat darajasida huquqiy himoya ostida bo‘ladi.
Zomin qozon patiri – Jizzax viloyatining Zomin tumaniga xos qadimiy non mahsuloti bo‘lib, alohida qorilgan xamir, mahalliy sut va sariyog‘ asosida qozonda pishiriladi. Uning o‘ziga xos ta’mi va sifati uni boshqa non turlaridan ajratib turadi.

Geografik ko‘rsatkich mahsulotning kelib chiqishi, an’anaviy tayyorlanish usuli va sifatini kafolatlaydi. Bu esa iste’molchilarga original va ishonchli mahsulotni tanlash imkonini beradi.
«Zomin qozon patiri» – O‘zbekiston davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tgan 20-geografik ko‘rsatkich bo‘ldi. Bu yutuq hududiy brendlarni rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va milliy qadriyatlarni asrashda muhim qadamdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand no‘xat sho‘ragi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi.