Uchtepada qurilayotgan ko‘p qavatli uylar faoliyati to‘xtatildi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi Toshkent shahri Uchtepa tumani Bog‘obod mahallasida qurilayotgan yangi ko‘p qavatli bino yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Mazkur obyekt «Great Vertex» MCHJ tomonidan ilgari mavjud bo‘lgan avtoturargoh o‘rnida qurilmoqda. Loyiha bo‘yicha bu yerda zamonaviy ko‘p qavatli avtoturargoh va yashash uylari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Ruxsatnomalar 2019-yildan boshlab bosqichma-bosqich olingan bo‘lib, so‘nggi arxitektura-rejalashtirish hujjati 2024-yil yanvar oyida qayta rasmiylashtirilgan. Biroq 2025-yil 28-fevralda bino qavatlarini oshirish bo‘yicha berilgan ariza rad etilgan.
13 marotaba olib borilgan tekshiruv davomida qurilishda loyiha hujjatlariga zid ishlar amalga oshirilgani aniqlandi. Natijada kompaniya mansabdoriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks asosida bayonnoma rasmiylashtirildi.
Hozirda qurilish ishlari to‘liq to‘xtatilgan. Kamchiliklar bartaraf etilmaguncha obyekt faoliyati davom ettirilmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chilonzordagi sanoat hududida 100 ta yangi loyiha ishga tushishi haqida yozgandi.