2030-yilgacha O‘zbekistondagi barcha ichki yo‘llar asfaltlanadi

2030-yilgacha O‘zbekistondagi barcha ichki yo‘llar asfaltlanadi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.
11-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Hukumat soati» bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zXDP fraksiyasi vakili Anvarxon Temirov vazirdan mahalla va aholi yashash hududlaridagi yo‘llarning holati haqida so‘rab, ayniqsa, kuz va qish oylarida fuqarolar tomonidan yo‘llarning qoniqarsiz ahvoli bo‘yicha murojaatlar ko‘p tushishini ta’kidladi.
Ilhom Mahkamovning aytishicha, 2030-yilgacha ichki yo‘llarining barchasi asfaltlanadi. Bu borada aniq rejalar ishlab chiqilgan.
«Bugungi kunda biz 70 foiz loy, tuproq yo‘llarining ayrimini shag‘alga, ayrimini asfaltga o‘tkazdik. Qolgan 30 foizini, umuman, tuproq yo‘llarni ikki yilda shag‘alga o‘tkazamiz va 2030-yilgacha yurib bo‘lmaydigan aholi punktining o‘zi qolmaydi», – dedi Mahkamov.
Deputat ichki yo‘llarni mahalliy hokimliklar balansiga o‘tkazish masalasi ham kun tartibida turganini aytib, agar bitta tumanga qo‘shimcha jamg‘arma hisobidan 4 milliard so‘m ajratilsa, mahalliy budjet mablag‘i yo‘llarni saqlashga yetadimi yoki yo‘q, degan savolni o‘rtaga tashladi.
Deputat ichki yo‘llarni mahalliy hokimliklar balansiga o‘tkazish masalasi ham kun tartibida turganini ta’kidladi. U, shuningdek, agar bitta tumanga qo‘shimcha jamg‘arma hisobidan 4 milliard so‘m ajratilsa, mahalliy budjet mablag‘lari yo‘llarni saqlash uchun yetarlimi yoki yo‘q, degan savolni o‘rtaga tashladi.
Transport vaziri bunga javoban, yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha aniq dastur mavjudligini, ayrim yo‘llar vazirlik balansida bo‘lmasa ham, ushbu yo‘nalishda umumiy tartib va nazoratni amalga oshirishlarini, budjet parametrlariga muvofiq yo‘llarga mablag‘ ajratilishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yetti yil ichida O‘zbekistonda yo‘llarni qurish va ta’mirlashga 61 trillion so‘m ajratilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2017-yilgacha ajratilgan mablag‘lardan qariyb 3,5 baravar ko‘p.
Avvalroq eng muammoli yo‘l uchastkalari elektron portal orqali aniqlanishi haqida yozgandik.
Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kungi videoselektor yig‘ilishida eng muammoli yo‘l uchastkalarini aniqlash maqsadida maxsus elektron portalni ishga tushirish topshirig‘ini bergandi.
Unga ko‘ra, tuman hokimlari va ichki ishlar bo‘limi rahbarlari ushbu portalda qayerga yo‘l belgisi, chiziq, piyoda yo‘lagi yoki svetofor o‘rnatilishi kerakligi haqida ma’lumotni smetasi bilan birga ochiq joylashtiradi.