
Norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsen sun’iy intellekt – ChatGPT’ga qarshi shaxmat o‘yinida g‘alaba qozondi. Bu haqda shaxmatchi X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
U 53 yurishda barcha raqib piyodalarini yo‘q qilib, o‘z figuralarini saqlab qoldi. Karlsen o‘yinni safar paytida zerikishni ketkazish uchun o‘ynaganini aytgan.
G‘alabadan so‘ng u ChatGPT’dan o‘z o‘yin darajasini baholashni so‘radi. ChatGPT unga yuqori baho berib, reytingini 1800 – 2000 oralig‘ida baholagan. Aslida Karlsenning FIDE reytingi 2839 ni tashkil etadi.
«Siz hech bir figuraningizni yo‘qotmadingiz. Men taslim bo‘ldim. Bu juda aniq va aqlli yurishlar edi», deya sun’iy intellekt o‘yindan keyin fikr bildirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Grand Swiss shaxmat musobaqasi ilk bor Samarqandda o‘tkazilishi haqida yozgandi.
Ushbu turnir jahon toji uchun da’vogarlar safini aniqlashda muhim o‘rin tutadi. Unda g‘olib bo‘lgan ikki shaxmatchi 2026-yilgi jahon chempionligi turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Turnir mukofot jamg‘armasi $625 mingga yetkazildi. Ayollar musobaqasi uchun esa $230 ming ajratilgan. Musobaqa shveysarcha tizimda 11 raunddan iborat bo‘lib, unda 172 nafar ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Kuchli ishtirokchilar safida Hindiston yulduzlari Arjun Erigaysi va Gukesh Dommaraju yetakchilik qilmoqda. Uchinchi o‘rinda esa O‘zbekiston faxri Nodirbek Abdusattorov qayd etilgan. Turnirda yana Anish Giri, Nepomnyashiy, Aronyan, Javohir Sindarov kabi yulduzlar ham dona suradi.
Shuningdek, Afg‘onistonda shaxmat taqiqlangani haqida xabar berilgandi.
Afg‘onistonda «Tolibon» harakati tomonidan shaxmat o‘yini rasmiy ravishda harom deb e’lon qilindi. Ezgulikni targ‘ib qilish va buzuqlikning oldini olish vazirligining bayonotiga ko‘ra, shaxmat diniy jihatdan man etilgan o‘yin hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, aprel oyida Parijda shaxmat bo‘yicha o‘tkazilayotgan nufuzli Freestyle Chess Grand Slam turniri doirasida chorak final uchun Magnus Karlsen Nodir Abdusattorovni tanlagan.