Endi moyli ekinlar bo‘yicha shartnomalar «Agroplatforma» tizimi orqali tuziladi

«Respublikada moyli ekinlar yetishtirishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, respublika hududlarida moyli ekinlar urug‘liklarini yetishtirishga ixtisoslashadigan tumanlar tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan maydonlarning besh foizigacha almashlab ekish tizimida moyli ekinlar ekishga ruxsat beriladi.
Kungaboqar ekinining tuproq unumdorligiga ta’siri hisobga olinib, asosiy va takroriy maydonlarga ekilgan kungaboqar ekinidan so‘ng siderat ekinlarini ekish va tuproq ostiga shudgor qilish amaliyoti qo‘llaniladi.
Qayta ishlovchi yog‘-moy korxonalari bilan mahsulot yetishtiruvchi subyektlar o‘rtasida moyli ekinlar hosilini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar «Agroplatforma» axborot tizimi orqali tuziladi.
2026-yil hosilidan boshlab moyli ekinlar yetishtiriladigan maydonlarning aniq hisob-kitobi yuritiladi. Bundan tashqari, ushbu ekin maydonlarining 500 gektarida ilmiy asoslangan almashlab ekish tizimi joriy qilinadi.
Avvalroq O‘zbekistonda urug‘chilik reyestri yaratilishi haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini baholashda QR-kodlardan foydalanilgan holda markirovka asosida yangi yondashuv joriy etiladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi ushbu sohada yagona vakolatli organ sifatida belgilandi.