Rejani bajarmagan alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari jarimaga tortiladi

eʼlon qilindi
Bunga doir Vazirlar Mahkamasining qarori tasdiqlandi
Rejani bajarmagan alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari jarimaga tortiladi. Foto: depositphotos

O‘zbekistonda spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchilari uchun qator huquqiy choralar belgilandi. Endi ular ishlab chiqarish rejasini bajarmasa yoki mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishlatmasa, jarima to‘laydi. Bunga doir Vazirlar Mahkamasining qarori tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, korxonalar tasdiqlangan yillik ishlab chiqarish rejalariga rioya qilishi lozim. Yillik ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish holatini tekshirish vazifasi alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasiga yuklatiladi. Ushbu inspeksiya Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti huzurida faoliyat yuritadi.

Monitoring davomida inspektorlar quyidagi ko‘rsatkichlarni o‘rganadi:

  • sotib olingan, ishlatilgan va qolgan etil spirti hajmi;
  • ishlab chiqarilgan, sotilgan va omborlarda saqlanayotgan alkogolli mahsulot hajmi;
  • ishlab chiqarishda ishlatilgan aksiz markalari va majburiy raqamli markirovka kodlari soni;
  • ishlab chiqarishda ishlatilgan ichimlik suvi va elektr energiyasi sarfi;
  • alkogolli mahsulot sotishdan to‘langan soliqlar.

Agar yilning birinchi yarmi yakunida etil spirtidan tayyorlanadigan aroq va likyor-aroq mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish 60 foizdan kam bo‘lsa, ishlab chiqarilmagan qism hisoblanadi. Shu yetishmayotgan qismga nisbatan aksiz solig‘i summasining 50 foizi miqdorida jarima belgilanadi.

Biroq agar yilning ikkinchi yarmi yakunida yillik reja to‘liq bajarilsa va aksiz solig‘i to‘liq to‘lansa, jarima summasi qaytariladi.

Avvalroq Toshkent viloyatida alkogolni reklama qilgan korxona moliyaviy jarimaga tortilgani haqida yozgandik.

Aniqlanishicha, korxona tomonidan joylangan reklamalar «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 38-moddasiga zid bo‘lib, unga ko‘ra har qanday quvvatdagi alkogol mahsulotlarini reklama qilish taqiqlanadi.

Shuningdek