«Toshkent» RFBda savdolar hajmi birinchi yarim yillikda 17 baravarga oshdi

2025-yilning birinchi yarim yilligida «Toshkent» respublika fond birjasidagi (RFB) umumiy savdo hajmi 12 trillion so‘mga yetdi. Birja o‘tgan yilning shu davriga nisbatan bu ko‘rsatkich 17 baravar oshganini ma’lum qildi.
Yarim yillik yakunlariga ko‘ra, umumiy bitimlar soni o‘tgan yilga qaraganda 21,7 foizga kamayib, 214,9 mingtani tashkil etdi. Shundan 181,9 mingta bitim birja kotirovka ro‘yxatidagi qimmatli qog‘ozlar bilan tuzilgan, qolganlari esa tashkiliy tarzda birja tashqarisidagi bozorda amalga oshirilgan.
Shuningdek, aksiya bozoridagi savdo hajmi 14 baravar oshib, 5,3 trillion so‘mga yetdi. Bozor kapitalizatsiyasi esa 0,15 foizga oshib, 242,8 trillion so‘mni tashkil etdi. Hisobot davri oxiriga kelib birja kotirovka ro‘yxatida 93 emitentning 134 ta aksiya paketi mavjud bo‘lgan. Bitta bitimning o‘rtacha hajmi 30 million so‘m bo‘ldi.
Bundan tashqari, korporativ obligatsiyalar bozorida ham savdo hajmi sakkiz baravar oshib, 493,1 milliard so‘mga yetdi. Birja kotirovka ro‘yxatidagi obligatsiyalarning bozor qiymati deyarli 1,5 trillion so‘mga yaqinlashgan. 2025-yil birinchi yarim yilligi yakunida RFBda o‘n emitentning 17 ta obligatsiyasi savdoga qo‘yilgan.
Yil boshidan buyon birjada sakkizta yangi aksiya va beshta yangi korporativ obligatsiya emissiyasi savdoga chiqarildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan o‘tgan hafta fond bozorida «Biznesni rivojlantirish banki» aksiyalari eng yuqori o‘sishga erishgani haqida yozgandi.