O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash boshlanadi

eʼlon qilindi
2025-2026-yillarda – tajriba tariqasida Toshkent shahrida
O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash boshlanadi. Foto: Glotr

Iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘iga binoan, ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, baholash Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan o‘tkaziladi.

Baholash tartibiga zarur ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish, baholanishi lozim bo‘lgan obyektlarni guruhlash, bozor ma’lumotlari asosida zonalash kiradi. Shu bilan birga, u narxni shakllantiruvchi omillar va ularning ta’sirini aniqlash, obyektlar qiymatini hisoblash va natijalarni tasdiqlashni ham o‘z ichiga oladi.

Baholashni bosqichma-bosqich quyidagi tartibda amalga oshirish rejalashtirilgan:

  • 2025 – 2026-yillarda — tajriba tariqasida Toshkent shahrida;
  • 2026 – 2027-yillarda — Nukus shahri va viloyat markazlarida;
  • 2027-yil va undan keyin — boshqa hududlarda.

Shuningdek, baholash uchun narxni shakllantiruvchi omillar, elektron savdo maydonchalari, sotish va ijara bitimlari bo‘yicha e’lonlar, notarial bitimlar hamda bank va kredit tashkilotlarining garov qiymatlari haqidagi ma’lumotlar olinadi va tahlil qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iyun oyida Toshkentda ikkilamchi uy-joylar narxi tushgani haqida yozgandi.

Xabarga ko‘ra, 2025-yilning yanvar – iyun oylarida respublika bo‘yicha 136,5 mingta ko‘chmas mulk sotuv bitimi ro‘yxatdan o‘tgan. Iyun oyi yakuni bilan bu ko‘rsatkich 21 mingta bitimni tashkil qilib, o‘tgan yildagiga nisbatan 3,7 foizlik o‘sishni qayd etdi.

Hududiy natijalarda eng yuqori o‘sish Jizzax (29,9%), Navoiy (18,3%) va Surxondaryo (17,7%) viloyatlarida kuzatilgan.

Ayni paytda Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk bitimlari hajmi 2,6 foizga pasaygan.

Shuningdek