Eskrou hisobvaraqlari sababli uy-joy narxi oshishi mumkin

eʼlon qilindi
Bu tizim quruvchilarning aylanma mablag‘ini kamaytirishi mumkin
«Eskrou» hisobvaraqlari sababli uy-joy narxi oshishi mumkin. Foto: depositphotos

Eskrou hisobvaraqlari sababli uy-joy narxi oshishi mumkin. Bu haqda Quruvchilar assotsiatsiyasi raisi Mansur Niyozmuhammedov 17-iyul kuni Savdo-sanoat palatasidagi ochiq muloqotda ma’lum qildi.

Niyozmuhammedovning fikricha, bu tizim quruvchilarning aylanma mablag‘ini kamaytirishi mumkin. Shu sabab uy-joy taklifi qisqaradi va narx oshishi mumkin. Chunki talab yuqori, ammo mablag‘ yetishmasa, yangi uylar kamroq quriladi.

Assotsiatsiya rahbari davlat dasturi bo‘yicha joriy yilda 135 ming xonadon topshirish rejalashtirilganini eslatdi. Mablag‘ yetishmasligi bu rejaga xalaqit berishi mumkin.

Shu sababli Eskrou hisobvaraqlaridagi ulushchilar mablag‘lari hisobidan quruvchilarga foizsiz yoki past foiz stavkasi bilan mablag‘ ajratilishi zarur. Chunki quruvchilarda loyiha moliyalashtirish xarajatlari bo‘yicha xavotirlar mavjud. Bu ayniqsa, viloyatlardagi quruvchilarga qiyinchilik tug‘diradi.

Agar muammo hal bo‘lmasa, ayrim qurilishlar to‘xtashi va ish o‘rinlari qisqarishi mumkin. Shu bois assotsiatsiya banklar va quruvchilarga birgalikda ishlashni tavsiya qildi. Banklar investitsiya kompaniyalarini tashkil etib, loyihalarda sherik bo‘lishi mumkin.

Avvalroq 2026-yildan boshlab ulushli qurilish faqat Eskrou hisobvaraqlar orqali amalga oshirilishi haqida yozgandik.

Shuningdek