18-iyul kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar dayjesti

79,98 so‘mga pastlagan dollar, tadbirkorning daraxtlarni qonuniy kesish taklifiga qarshi chiqqan deputat, narxlari e’lon qilingan Lada Iskra, migrant bolalariga joriy qilinayotgan pulli ta’lim, Eskrou hisobvaraqlari sababli narxi oshishi mumkin bo‘lgan uy-joylar – «Kursiv» nashri 18-iyul kuni qanday xabarlarni e’lon qildi.
Kobulda Trans-Afg‘on temir yo‘li bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolandi

Kobul shahrida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston tashqi ishlar vazirlari Transafg‘on masalasidagi ilk uch tomonlama uchrashuvini o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Transafg‘on temir yo‘li loyihasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish yuzasidan uch tomonlama bitim imzolandi. Ushbu loyiha Yevroosiyo mintaqasi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, Afg‘oniston iqtisodiyotining tiklanishiga, savdoning rivojlanishiga va global bozorlarga yangi yo‘l ochilishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, tomonlar qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik va qurilish kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Termiz xalqaro savdo markazi imkoniyatlaridan faol foydalanishga kelishib oldi.
Moratoriy muhokama mavzusi emas – deputat Murod Nazarovning daraxtlarni qonuniy kesish taklifiga qarshi chiqdi

Tadbirkor va Murad Buildings kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov daraxt kesishga joriy etilgan moratoriyni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Yuksalish» harakati Bobur Bekmurodov daraxtlarni kesishni qonuniylashtirish taklifiga qarshi chiqdi. Bu haqda Telegram kanalida munosabat qoldirdi.
«Moratoriy muhokama mavzusi emas. Developer daraxt kesishni qonuniylashtirish kerak, deyapti. Ekologlar esa developerlar uylarini shahardan tashqarida qursin, deyapti. Nima haqiqat ekanligini belgilovchi – bu jamoatchilik. Bugun odamlar shahar markazida qurilishlar emas, yashil hududlarni ko‘paytirish tarafdori. Bitta chinor biroz soya berishi uchun 7 – 10-yil vaqt kerak. Taklif berayotgan developer shuncha yil oldin daraxt ekib, bog‘ yaratdimi?», degan xabarida.
Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi yo‘lning bir qismi 22-iyulgacha yopiladi

Shayxontohur tumani KHAY yo‘lining Beruniy ko‘chasi kesishmasidan Beshqayrog‘och ko‘chasi chorrahasigacha bo‘lgan qismi 18-iyul soat 12:00 dan 22-iyulgacha yopiladi. Bu haqda Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasi xabar berdi.
Mazkur transport yo‘li yopilishi munosabati bilan 34-64-87-116-131-147-sonli avtobuslar yo‘nalishlari o‘zgaradi.
Ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa belgilanadi

Vazirlar Mahkamasi jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibini belgilovchi nizomni tasdiqladi.
Unga ko‘ra, nafaqa tayinlash «E-probatsiya» axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Murojaatlar tuman (shahar) probatsiya bo‘limlari tomonidan ko‘rib chiqiladi va to‘lovlar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan tijorat banklari orqali naqd yoki karta orqali amalga oshiriladi.
2025-yil 1-sentabrgacha «E-probatsiya» tizimi «Yagona reyestr» axborot tizimi bilan integratsiyalashadi. Mazkur nafaqa O‘zbekiston fuqarolari, mamlakatda doimiy yashovchi chet elliklar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga beriladi.
«Real Madrid»ning daromadi ilk marta bir milliard yevrodan oshdi

Klub rasmiy hisobotiga koʻra, futbolchilar transferidan tashqari umumiy daromad miqdori 1,185 milliard yevroga yetdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 10 foizga yuqori boʻlib, birinchi marta klub yillik daromadda 1 milliard yevrodan oshdi.
Hisobotda qayd etilishicha, klub mavsumni 24 million yevro sof foyda bilan yakunladi. Bu oʻtgan yilga qaraganda 9 million yevroga koʻp. Shuningdek, «Real Madrid»ning EBITDA koʻrsatkichi (foizlar, soliqlar va amortizatsiyadan oldingi foyda) 242,9 million yevroga yetib, klub tarixidagi eng yuqori natijani qayd etdi.
Iyun oyida Toshkentda ikkilamchi uy-joylar narxi tushdi

2025-yilning yanvar – iyun oylarida respublika bo‘yicha 136,5 mingta ko‘chmas mulk sotuv bitimi ro‘yxatdan o‘tgan. Iyun oyi yakuni bilan bu ko‘rsatkich 21 mingta bitimni tashkil qilib, o‘tgan yildagiga nisbatan 3,7 foizlik o‘sishni qayd etdi.
Hududiy natijalarda eng yuqori o‘sish Jizzax (29,9%), Navoiy (18,3%) va Surxondaryo (17,7%) viloyatlarida kuzatilgan.
Ayni paytda Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk bitimlari hajmi 2,6 foizga pasaygan.
Samsung Galaxy S26 Ultra qanday ekranda taqdim etiladi

Samsung Galaxy S26 Ultra smartfoni 6,89 dyuymli ekran bilan chiqishi mumkin.
Smartfon ekrani Galaxy S25 Ultra’dagi 6,86 dyuymli ekranga nisbatan biroz kattaroq bo‘lishi kutilmoqda. Agar qurilmaning o‘lchamlari o‘zgarmasa, ramkalar atigi 1,15-1,2 mm bo‘ladi. Bu juda yupqa ko‘rinadi.
Shu paytgacha tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S26 Ultra 200 MP asosiy kamera va 5x optik zoomli 50 MP telefoto kameraga ega bo‘ladi. Akkumulyator hajmi avvalgidek 5000 mA·s bo‘lishi, ammo qurilma biroz yupqaroq bo‘lishi mumkin.
Lada Iskra avtomobilining narxlari e’lon qilindi

AvtoVAZ yangi Lada Iskra avtomobili uchun narxlarni e’lon qildi. Savdo 2025-yil 20-iyulda Tolyatti, Moskva va Sankt-Peterburgda boshlanadi. Bu haqda avtomobil ekeperti Maxim Kadakov telegramdagi kanalida ma’lum qildi.
Avtomobillar ushbu shaharlardagi dilerlarga yetkazilgan, boshqa hududlarda esa yaqin kunlarda paydo bo‘ladi. Model uch xil kuzovda taqdim etiladi: sedan, universal (SW) va kross-universal (SW Cross).
Eng arzon sedan (Comfort komplektatsiyasi, 90 ot kuchi, 5MT) — 1,249 mln rubl. Unga ikki xavfsizlik yostig‘i, stabilizatsiya tizimi, Lada Connect, shinalar bosimini nazorat qilish, markaziy qulf, haydovchi o‘rindig‘i balandligini sozlash va yomg‘ir/yorug‘lik datchiklari kiradi.
Rossiyada migrantlarning bolalari uchun pulli ta’lim joriy etish taklif qilindi

Rossiya «Yangi odamlar» fraksiyasi rahbari Aleksey Nechayev boshchiligidagi deputatlar migrantlarning bolalari uchun pulli ta’lim joriy etishni taklif qildi.
Deputatlar Rossiya ta’lim vaziri Sergey Kravtsov nomiga murojaat yo‘llab, Rossiya fuqaroligi bo‘lmagan bolalarning davlat va mahalliy maktablarda faqat pulli asosda o‘qishini nazarda tutuvchi normalarni joriy etishni taklif qilgan.
Parlament a’zolarining fikricha, ushbu choralar budjet va ta’lim infratuzilmasiga tushadigan yukni kamaytiradi, o‘qituvchilarga tushadigan bosimni yengillashtiradi va o‘quv jarayoni sifatini oshiradi. Shu bilan birga, migrantlar va ularning bolalari uchun o‘qishga yanada mas’uliyat bilan qarashga rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash boshlanadi

Iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘iga binoan, ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, baholash Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan o‘tkaziladi.
Baholashni bosqichma-bosqich quyidagi tartibda amalga oshirish rejalashtirilgan:
- 2025 – 2026-yillarda — tajriba tariqasida Toshkent shahrida;
- 2026 – 2027-yillarda — Nukus shahri va viloyat markazlarida;
- 2027-yil va undan keyin — boshqa hududlarda.
Lyov yoki Bilich kelishi haqida menga hech kim hech narsa demadi – Kapadze

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘rniga Yoaxim Lyov yoki Slaven Bilich tayinlanishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Kapadzening aytishicha, bu borada unga federatsiyadan hech qanday rasmiy ma’lumot berilmagan.
«Rostini aytsam, nima bo‘layotganini tushunmayapman. Men ham bu xabarlarni ijtimoiy tarmoqlardan o‘qidim. O‘FAdan menga bu borada hech qanday ma’lumot berilmadi. Kimnidir olib kelish haqida ham hech nima deyishgani yo‘q. Bu xabarga qanday izoh berishni ham bilmayman. Menga yuklangan vazifani bajardim, qolganini vaqt ko‘rsatadi. Nasib qilsa ishlayman, bo‘lmasa boshqa joyda», – deydi u.
Shuningdek, Kapadze bu xabarlar feykmi yoki haqiqiy jarayonmi bilmasligini aytib, hozirda terma jamoa murabbiyi sifatida ishini davom ettirayotganini ta’kidladi.
Dollar 12 600 so‘mdan pastladi

Bugun, 18-iyul kuni dollar kursi 79,98 so‘mga pastlab, 12 578,21 so‘mni qayd etdi. Bu haqda Valyuta birjasi xabar bermoqda.
Shuningdek, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 38,62 so‘mga pasayib, 14 633,49 so‘mni, rubl esa 1,13 so‘mga pasayib, 160,31 so‘mni tashkil qildi.
«Vagner» safida xizmat qilgan o‘zbekistonlik uch yilga ozodlikdan cheklandi

«Vagner» safida xizmat qilgan o‘zbekistonlik uch yilga ozodlikdan cheklandi. Kursiv Uzbekistan bunga doir sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan 59 yoshli erkak Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi tarkibida jangovar harakatlarda qatnashgani uchun sud hukmiga tortildi.
U 2020-yil fevralda Moskvaga ishlash uchun borgan va u yerda odam o‘ldirishda gumonlanib hibsga olingan. 2021-yil avgustda to‘qqiz yilga qamalgan. Ammo 2022-yil sentabrda esa «Vagner» tomonidan yollanib, 2023-yilning 21-martigacha Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi janglarda qatnashgan.
Eskrou hisobvaraqlari sababli uy-joy narxi oshishi mumkin

Eskrou hisobvaraqlari sababli uy-joy narxi oshishi mumkin. Bu haqda Quruvchilar assotsiatsiyasi raisi Mansur Niyozmuhammedov 17-iyul kuni Savdo-sanoat palatasidagi ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Niyozmuxamedovning fikricha, bu tizim quruvchilarning aylanma mablag‘ini kamaytirishi mumkin. Shu sabab uy-joy taklifi qisqaradi va narx oshishi mumkin. Chunki talab yuqori, ammo mablag‘ yetishmasa, yangi uylar kamroq quriladi.
Shu sababli eskrou hisobvaraqlaridagi ulushchilar mablag‘lari hisobidan quruvchilarga foizsiz yoki past foiz stavkasi bilan mablag‘ ajratilishi zarur. Chunki quruvchilarda loyiha moliyalashtirish xarajatlari bo‘yicha xavotirlar mavjud.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 18-sanksiyalar paketini tasdiqladi

Yevropa Ittifoqi(YI) Rossiyaga qarshi 18-sanksiyalar paketini ma’qulladi. Bu galgi choralar avvalgi to‘plamlarga nisbatan ancha keskin ekani ta’kidlandi.
Yangi sanksiyalar Rossiyadan Yevropaga neft tashishda foydalanilayotgan 105 ta tankerga nisbatan choralarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ular «Shimoliy oqim» gaz quvurlari infratuzilmasiga ham tegishli bo‘ladi. Bundan tashqari, Hindistondagi «Rosneft» neftni qayta ishlash zavodi ham nazoratga olinadi.
Shuningdek, YI Rossiya harbiy sanoatiga va sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotgan ayrim Xitoy banklariga qarshi bosimni kuchaytirish niyatida. Bundan tashqari, dronlar ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan texnologiyalarning eksporti ham to‘xtatiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 17-iyul kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar dayjesti haqida yozgandi.