100 ming bosh mayda shoxli mol Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga olib kelinadi

Prezidentning «Mo‘g‘ulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Hujjat 2025/2026-yillarda ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Qarorga ko‘ra, quyidagi asosiy yo‘nalishlarda ishlar amalga oshiriladi:
- 100 ming bosh mayda shoxli mol Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga olib kelinadi. Naslchilik va seleksiya ishlari orqali 2029-yilgacha bu raqam 1 million boshgacha oshiriladi.
- O‘zbekistonning meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti Mo‘g‘ulistonga yil sayin oshirib boriladi. Maqsad – eksport hajmini 10 barobarga ko‘paytirish.
2025-yil 1-avgustdan 2027-yil 31-dekabrgacha Mo‘g‘ulistondan chorva olib kiruvchi tadbirkorlarga:
- Havo transporti xarajatlarining 50 foizi davlat byudjetidan qoplab beriladi.
- Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirib to‘lash imkoniyati taqdim etiladi. Bu muddat davomida foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi.
Shuningdek, ikki yillik reja doirasida Mo‘g‘ulistonda O‘zbekiston mahsulotlarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan:
▪️ Mo‘g‘ulistonning yirik savdo markazlarida «O‘zbekiston mahsulotlari» yarmarkalari tashkil etiladi;
▪️ Ulan-Bator shahrida doimiy O‘zbekiston mahsulotlari stendi faoliyat boshlaydi;
▪️ O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston savdo uyi tashkil qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatga Mo‘g‘ulistonga 200 ming dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksportini rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.